19:26 / 26.02.2017
13207

O‘zbekistondagi yuqori tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh kelishuv imzolandi

2017 yil 22 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha  2017-2019 yillar uchun Bosh kelishuv imzolandi.

Bosh kelishuv:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan – Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Narbayeva;

xodimlar tashkilotlari nomidan – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov;

respublika ish beruvchilar birlashmalari nomidan – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxovlar tomonidan imzolandi.

Bosh kelishuv respublikada olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni umumiy tamoyillarini belgilaydi. Shuning uchun ushbu hujjat asosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947 sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingan. 

Kelishuv ishtirokchilari tomonidan iqtisodiyotni, mahalliy ishlab chiqarishni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini ko‘tarish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotda xususiy mulk ulushini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, faoliyatning barcha sohalarida davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha islohotlarni yanada chuqurlashtirishga  doir ishlarni hamkorlikda amalga oshirish ko‘zlangan.

Mehnatga haq to‘lash,  aholining real daromadlari va turmush darajasini ko‘tarish masalalarida ilk bor yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnat haqi ulushini 30  foizdan kam bo‘lmagan miqdorda saqlab turish, eng kam ish haqi miqdorini belgilash bo‘yicha uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish xususida kelishib olindi.

Taraflar eng kam mehnat haqi standartlariga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek mehnatga haq to‘lash fondining tarif qismi va tarifga qo‘shimcha qismi o‘rtasidagi maqbul nisbatni davlat tomonidan va jamoa shartnomalari vositasida  o‘rnatilishini  ta'minlash zarurligini tan oldilar.

Mehnat bozorini rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish masalalarida barqaror ish haqini va havfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlovchi doimiy ish o‘rinlari, ayniqsa qishloq joylarida yaratilishiga,  oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarini, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni hamda  ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining boshqa toifalarini ishga joylashtirishga ko‘maklashishga alohida e'tibor qaratish maqsadga muvofiq deb topildi.

Taraflar Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va Mehnat vazirligining 2016 yil 1 avgustdagi 27-24 q/q – sonli qarori bilan tasdiqlangan «Fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tartibga solish, xodimlar soni va ish haqi fondining eng kam me'yorlarini  belgilash to‘g‘risidagi nizom» talablariga joylarda rioya etilishiga ko‘maklashish majburiyatini o‘z zimmasiga oldilar.

Mehnat muhofazasi va xavfsizligini hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb hisoblagan holda, taraflar ishlab chiqarishda shikastlanish va kasb kasalliklarining oldini olish, shuningdek, ularning paydo bo‘lish sabablarini bartaraf etish ishlarini amalga oshirishga e'tibor qaratish, mehnat sharoitlari va muhofazasi, sanoat va ekologik xavfsizlik holatini davlat nazorat organlari bilan hamkorlikda tekshirishni amalda keng qo‘llash majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.

Ish beruvchilarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi bilan to‘liq qamrab olinishi, mehnat muhofazasi bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish, ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va uskunalarning shikast yetkazishi mumkinligi bo‘yicha shahodatdan o‘tkazish, mehnat muhofazasi bo‘yicha vakolatli vakillarni saylash, o‘qitish, malakasini oshirish ishlari ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ko‘rsatmasi berildi.

Ijtimoiy kafolatlar va ijtimoiy himoya sohasida taraflar biznesning korporativ ijtimoiy mas'uliyatini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali kam ta'minlangan oilalarga, bolali oilalarga, urush va mehnat faxriylariga moddiy yordam ko‘rsatib borish majburiyatini oldilar.

Ma'naviy-ma'rifiy ishlar, jismoniy tarbiyani ommalashtirish ishlari, mehnatkashlar va ularning oila a'zolarini sog‘lomlashtirish masalalari ham e'tibordan chetda qolmadi. 

Mazkur yo‘nalishda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ma'naviy-ma'rifiy, madaniy-ommaviy va sport tadbirlarini hamkorlikda o‘tkazish, xodimlar va ularning oila a'zolarini har yili madaniy dam oldirish, turizm va sog‘lomlashtirishni tashkil etish choralarini ko‘rib borish, har yili kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalar a'zolari, Chernobil AESidagi falokatni bartaraf etish ishtirokchilari, baynalminalchi jangchilar, ishlayotgan mehnat faxriylari va nogironlari hamda O‘zbekiston Respublikasi oldida xizmatlari bor shaxslarning ma'lum miqdorini sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish majburiyatlarini oldilar.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi yoz mavsumida bolalarning bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish va sog‘lomlashtirilishini tashkil etishga, ularda «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilarini, shuningdek respublikaning ekologiya jihatdan noqulay  mintaqalarida istiqomat qiluvchi bolalarni sog‘lomlashtirilishiga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirib boradi.

Top