09:42 / 01.03.2017
6749

Tramp ma'muriyati Amerika kompaniyalari uchun soliq yukini pasaytiradi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kongress oldidagi ma'ruzasida mamlakatga 1 trln dollarlik infratuzilmalarni rivojlantirish dasturi kerakligi haqida so‘z yuritdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy tiklanishga doir yangi dasturni qabul qilishning vaqti kelgan. Trampning ta'kidlashicha, AQSh Yaqin Sharqqa 6 trln dollarni sarflab yuborgan bir vaqtda, mamlakat infratuzilmalari barbod bo‘lmoqda. 

Prezidentning izoh berishicha, 1 trillion dollar davlat va xususiy sarmoya hisobidan kiritilishi mumkin. U shunday taklif bilan Kongressga murojaat qilishini bildirdi. Dasturni hayotga tatbiq etish bir necha millionlik ish o‘rinlari barpo etish imkonini beradi. 

Trampning aniqlik kiritishicha, ushbu dastur negizida ikkita qoida yotadi — «Amerika mahsulotini xarid qilish» va «amerikaliklarni yollash».

Prezident, shuningdek, Kongressdagi chiqishida Amerika iqtisodiyotini qayta ishga tushirishga chaqirdi. Kompaniyalar AQShda faoliyat yuritishlari oson bo‘lishi va xorijga ketishi og‘ir bo‘lishi kerakligini aytdi. U Amerika kompaniyalari uchun soliq yukini pasaytirishga hamda o‘rta toifa uchun soliq yuklamalarini yengillashtirishga va'da berdi. 

Top