11:35 / 01.03.2017
41536

O‘zbekiston Sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqarilgan eski harbiy samolyotlardan qutulmoqchi

Keyingi kunlarda O‘zbekiston Harbiy havo kuchlariga tegishli eski samolyotlar sotuvga qo‘yilgani haqida xabarlar berilmoqda. 

Amerikaning Sobiq Ittifoq davrida ishlab chiqarilgan harbiy texnikalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi Redfish Trading Company kompaniyasi (Texas shtati, San-Antonio shahridan ro‘yxatdan o‘tkazilgan - tahr.) qator samolyotlarni sotuvga qo‘ygan. Bu haqda kompaniyaning Facebook sahifasida ma'lum qilingan.

Xabarda aytilishicha, gap 7ta MiG-29 qiruvchi samolyoti, 5ta Su-27 qiruvchi samolyoti, bitta Su-25 hujumchi samolyoti hamda 22ta Su-17 rusumli qiruvchi-bombardimonchi samolyotlari xususida bormoqda.

Harbiy texnikalar haqidagi ma'lumotlarda ushbu samolyotlar O‘zbekiston Harbiy havo kuchlariga tegishli ekani yozilgan.

Bu ma'lumot O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan ham qisman tasdiqlangan. Vazirlikdagilar nuz.uz portali so‘roviga javoban, harbiy samolyotlarning sotilishi bilan «O‘zmaxsusimpeks» tashkiloti yopiq tender asosida shug‘ullanishini aytishgan.

Mudofaa vazirligi haqiqatan ham ushbu tashkilotga murojaat qilib, shtatdan tashqari eskirgan texnikani sotishni taklif etgan, ammo ayni paytgacha tender g‘olibi aniqlanganicha yo‘q, butun texnika doimiy tayanch bazalarida qolmoqda.

Vazirlikdagi manbaning ma'lumotiga ko‘ra, sotuvga eskirgan harbiy vertolyotlar ham qo‘yilgan. Shu bilan birga vazirlik sotilgan texnika o‘rni to‘ldirilishi borasida ma'lumot bermagan.

Top