09:58 / 02.03.2017
7739

Pelening o‘g‘li qamoqdan vaqtinchalik ozod qilindi

Afsonaviy futbolchi Pelening o‘g‘li bo‘lgan braziliyalik sobiq futbolchi Edino (Edson Sholbi du Nasimentu) sud tomonidan o‘z ishi bo‘yicha yangi apellyatsiya arizasini ko‘rib chiqish vaqtiga hibsdan ozod etildi. Bu haqda Globo telekanali xabar berdi.

2014 yilning yozida Edino pullarni yuvish hamda narkobiznesda aybdor deb topildi. Birinchi sud uni 33 yillik qamoq jazosiga mahkum etdi. Ayblanuvchi qarorga qarshi shikoyat bilan chiqdi, biroq apellyatsiya natijasida uning jazo muddati 33 yildan 12 yil va 10 oyga qisqartirildi.

24 fevral kuni Edino Santos shahridagi (San-Paulu shtati) politsiya bo‘linmasiga, sud qaroriga ko‘ra jazo muddatini o‘tash maqsadida keldi. Shu bilan birga, uning himoyachilari yangi apellyatsiyani berishdi, sportchining o‘zi esa navbatdagi marta aybsizligi haqida ma'lum qildi.

"Men tushkun holatdaman. Juda ham afsusdaman, sababi men bunday ishni qilmaganman. Meni pullarni yuvishda ayblashmoqda, biroq men buni amalga oshirmaganman", - dedi u.

Edino futbol bo‘yicha Braziliya chempionatida darvozabon pozitsiyasida o‘ynagan. U o‘z faoliyatini 1999 yilda, 29 yoshida yakunlashga majbur bo‘lgan, sababi mototsiklchi halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan avtopoygalarda qatnashgani uchun 6 oylik qamoq jazosiga mahkum etilgandi. Yakunda qotillik uchun qamaldi, keyinchalik uning xatti-harakati atayin amalga oshirilmagan qotillik, deb baholandi. 2005 yilda oqlandi, 2006 yilda esa Edino narkotik moddalar savdosiga aloqadorlik uchun yarim yillik qamoq jazosiga mahkum etildi, biroq o‘shanda himoyachilar uning aybsizligini isbotlashga muvaffaq bo‘lishdi.

O‘tgan yilning yozida Edino Braziliyaning "Agua Santa" klubi murabbiyiga aylangandi.

Mavzuga oid
Top