17:40 / 02.03.2017
6039

Toshkentda jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 6,3 foizga kamaydi

2017 yil 1 mart kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi yigirmanchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qonuniylikni mustahkamlash, ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash va Kengash vakolatiga doir boshqa qator masalalar ko‘rib chiqildi. Sessiyani Toshkent shahar Kengashi raisi, shahar hokimi Rahmonbek Usmonov olib bordi. Bu haqda poytaxt hokimiyatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Sessiya kun tartibi bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi organlarining shaharda qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish hamda profilaktika qilish borasidagi faoliyati yuzasidan Toshkent shahar prokurorining axboroti tinglandi.

Toshkent shahar prokurorining axboroti asosida shahar hududida qonuniylikni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan  qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Sessiyada poytaxt ichki ishlar idoralari tomonidan Toshkent shahri hududida xavfsizlikni ta'minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilgani ta'kidlandi.

Barcha xizmat yo‘nalishlari bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar 2,1 foizga hamda jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 6,3 foizga kamayishiga erishildi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatlarni fosh etilishi 3,9 foizga yaxshilandi. Shu bilan birga, o‘z xizmat vazifalariga vijdonan yondoshib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlarni taqdirlab borish, bu borada xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat yaratish maqsadida, sohaviy xizmatlar yo‘nalishida ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi tashkil etildi.

Bundan tashqari, joylardagi profilaktika inspektorlari bilan o‘zini-o‘zi boshqarish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik yetarli darajada tashkil etib borilmayotganligi, profilaktika inspektorlarining aloqasidagi manbaalar imkoniyatlaridan foydalanish bugungi kun talabiga javob bermasligi oqibatida mahallalardagi notinch oilalar, bir-biriga qasdlashgan fuqarolar to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lish, ularning o‘rtasidagi jinoyat sodir bo‘lishini oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar hanuzgacha talab darajasida olib borilmayotganligi qayd etildi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiyaning Toshkent shahar hududiy komissiyasi tuzilib, ularning vazifalari belgilandi.

Shuningdek, sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsmanning) Toshkent shahridagi mintaqaviy vakilining hisoboti, joylarda tashkil etilgan fuqarolar qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish, ba'zi geografik obektlar nomlarini tartibga keltirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yigirmanchi sessiyasida ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Top