14:36 / 02.03.2017
20172

Unitel: O‘zbekistonda Beeline brendining nomi o‘zgarmaydi

Foto: Kun.uz

Abonentlari soni bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda turuvchi VimpelCom Ltd. telekommunikatsion kompaniyasi nomini VEON‘ga o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Mazkur masala 30 mart kuni aksionerlarning navbatdan tashqari majlisida muhokama etiladi va bir to‘xtamga kelinadi. 

“VimpelCom rebrending o‘tkazmoqda, 30 mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari majlisda aksionerlar ma'qullashsa, o‘z nomini VEON‘ga o‘zgartiradi”, – deyiladi rasmiy bayonotda.

Nomning o‘zgartirilishi kompaniyaning 2017 yilning oxirigacha VEON internet-platformasini ishga tushirish strategiyasini tezlashtirish maqsadini belgilaydi. Bundan tashqari, VimpelCom II chorakda Amsterdamdagi Euronext‘da takroriy listing o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 

VimpelCom faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi operatsion kompaniyalarning brendlari o‘zgarmaydi, shunda VEON o‘z strategiyasini ommaga olib chiqish uchun mazkur savdo belgilarining yuqori darajadagi maqomidan foydalanishni maqsad qilgan. VEON Beeline, WindTre, Djezzy, Jazz, Kyivstar va Banglalink savdo belgilariga tayanadi.

Unitel kompaniyasi O‘zbekistondagi Beeline brendining nomi  o‘zgarmasligini ma'lum qildi.

“Aktsionerlar tomonidan rebrending amalga oshirilishi haqida yechim qabul qilinsa, bu faqat VimpelCom Ltd.ga tegishli bo‘ladi. Bizning kompaniyamiz O‘zbekistonda Beeline brendi ostida o‘z faoliyatini davom ettiradi” - deydi MChJ Unitel‘ning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari Oraz Abdurazaqov. 

Top