11:35 / 02.03.2017
16587

O‘zbekiston - BMT: Tinchlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida 25 yil hamkorlik

Bugun, 2-mart kuni O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga a'zo bo‘lganiga roppa-rosa chorak asr to‘ldi. Aynan shu kuni mazkur global tuzilmaning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida uning teng huquqli a'zosi - mustaqil O‘zbekistonning bayrog‘i hilpiradi.

Tashkilot bilan hamkorlikda O‘zbekistonning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining asosiy vazifalaridan biri - Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror taraqqiyot hududiga aylantirish ishiga muhim e'tibor qaratiladi, deb ta'kidlab o‘tdi “Jahon” axborot agentligi.

O‘zbekiston BMTning global va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarida faol ishtirok etib keladi. Prezident Islom Karimovning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to‘g‘risidagi tashabbusi ushbu yo‘nalishdagi faoliyatga muhim ulush bo‘lib qo‘shildi. Ma'lumki, mazkur taklif mintaqa davlatlari tomonidan 2006-yilning 8-sentabrida Semipalatinsk shahrida imzolangandi, 2009-yil mart oyida mintaqaning qolgan barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kirdi. 

BMTning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha 13 ta konvensiyasining barchasida ishtirok etarkan, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining sa'y-harakatlarini mazkur ofatni bartaraf etish yo‘lida birlashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida Aksilterror qo‘mitaning ta'sis etilishi mamlakat rahbariyati tomonidan 1999 yilda Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Istanbul sammitida taklif etilgan Terrorizm bilan kurash bo‘yicha Xalqaro Markazni yaratish g‘oyasining natijasi hisoblanadi.

O‘tgan yillar davomida BMTning qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekistonda global darajadagi bir nechta keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, 2014-yilda Urganch shahrida “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman yakunida Orol dengizi havzasida milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi va umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng bo‘lgan bitimlar imzolandi.

2015-yil sentabr oyida Barqaror Rivojlanish maqsadlari sammiti chog‘ida O‘zbekiston BMT shafeligida Orol dengizi va orolbo‘yi hududi bo‘yicha trastjamg‘armasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Buning natijasida 2017 yilda BMTning bir qator agentliklarida “Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojyeasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” mavzusidagi keng ko‘lamli loyiha ishga tushirildi.

Shak-shubhasiz, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik faoliyatining dastlabki 25 yilida barcha sohalarda jadal rivojlandi. Mamlakatimizning tashkilot doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi hamda butunjahon tinchligi, barqarorligi va turg‘un rivojlanishini ta'minlashga ulkan amaliy hissasini qo‘shib kelmoqda.

Top