Argentina terma jamoasi FIFA talablariga zid ravishda ish qilayotgani bois, xalqaro musobaqalardan chetlatilishi mumkin. Bu haqda Goal.com internet-nashri xabar tarqatdi.

Manbaga ko'ra, Argentina futbol federatsiyasi tashkilot prezidentligiga nomzodning vakolat darajasini KONMeBOL (Janubiy Amerika futbol ittifoqi) emas, rasmiy Buenos-Ayres huquqshunoslari belgilashi ko'rsatilgan yangi nizom ishlab chiqqan.

Bu FIFA, jumladan Qit`a futboli Ittifoqi qoidalariga ham zid sanaladi. Ya`ni futbol federatsiyalari rahbarlarining vakolat doirasi hukumat yoki mamlakat ma`muriyati tomonidan belgilanishi mumkin emas. Shu sabab ikki tashkilot ham AFAga eski formatga qaytishini so'rab xat yozgan. Agar AFA zudlik bilan buni bajarmasa FIFA Argentinani tashkilot a`zoligidan chiqarib tashlashidan ogohlantirgan.

Agar shunday bo'lgan taqdirda, Argentina terma jamoasi FIFA bayrog'i ostida o'tkaziladigan barcha turnirlardan, jumladan jahon chempionati musobaqasidan ham chetlashtiriladi.

Eslatib o'tamiz, hozirda Argentina terma jamoasi JCh-2018 KONMeBOL mintaqasi saralash guruhda 5-o'rinni egallab turibdi. JChga mintaqadan 4ta terma jamoa to'g'ri-to'g'ri yo'llanma oladi. Beshinchi jamoa boshqa mintaqa vakili bilan o'tish uchrashuvida qatnashishi lozim bo'ladi.