11:02 / 03.03.2017
9894

Ukraina davlat moliya xizmati rahbari qo‘lga olinganidan so‘ng infarkt bo‘lib qoldi

Ukraina davlat moliya xizmati rahbari Roman Nasirov infarkt tashxisi bilan shifoxonaga yotqizildi, deb xabar qilmoqda "112 Ukraina" telekanali shifoxona xodimiga asoslangan holda. Nasirov 2 mart kuni Oliy rada deputati Aleksandr Onishenko ishi bo‘yicha hibsga olingan edi. 

Avvalroq, Onishchenkoga nisbatan "o‘ta yirik miqdorda davlat mulkini o‘g‘irlash" aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yil yanvaridan 2016 yil yanvar oyiga qadar Ukrainadagi qator korxonalar, xususan, "Ukrgazdobycha" kompaniyasining rahbar xodimlari Onishchenko ko‘magida mamlakatning o‘zida qazib olingan gazni past narxda sotish orqali davlat mablag‘larini o‘zlashtirishgan. Bu bilan davlat g‘aznasiga 120,5 mln dollarga yaqin zarar yetkazilgan. 

Avvalroq, "Ukrainskaya pravda" internet nashri Ukraina korrupsiyaga qarshi milliy byurosiga asoslangan holda Nasirov Kiyevdagi "Feofanii" nomli klinikada "gaz ishi" bo‘yicha o‘tkazilgan tintuv chog‘ida qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi. 

"Nasirov advokatlariga ko‘ra... UKMB xodimlari gumonni ma'lum qilishganida davlat moliya xizmati rahbari hushsiz bo‘lgan. Shunga ko‘ra, gumonni topshirish jarayonining o‘zi noqonuniy hisoblanadi. Shundan so‘ng, Nasirov "Feofaniya" klinikasidan ko‘targichlarda olib chiqilgan. U jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, Nasirovga infarkt tashxisi qo‘yilgan", — deyiladi telekanal saytida. 

 

Top