10:08 / 03.03.2017
40938

Voyaga yetmagan kollej o‘quvchisi ikki do‘stining umriga zomin bo‘ldi

Shu yilning 22 yanvarida Toshkent shahrining Uchtepa tumani Lutfiy va Farhod ko‘chalari oralig‘ida voyaga yetmagan kollej o‘quvchisi ishtirokida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani ma'lum qilindi. Ushbu baxtsiz hodisa tafsilotlari haqida Toshkent shahar IIBB Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Zoir Islomov 2 mart kuni Toshkent shahar IIBBda o‘tkazilgan matbuot anjumanida OAVlariga axborot berdi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, Uchtepa tumani 26-mavzeda joylashgan Respublika Dizayn kolleji o‘quvchisi akasining roziligi bilan unga tegishli bo‘lgan Spark avtomobilini haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa-da ko‘chaga haydab chiqadi. U kollejdagi muhim tadbirga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini vaj qilib ko‘rsatgan. 

Haydovchi kollej o‘quvchisi o‘zi bilan birga 2 nafar do‘stini ham olib ketayotgan bo‘lgan. Kutilmaganda u katta tezlikda bo‘lgani sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga borib urilgan. Buning oqibatida mashina ichida bo‘lgan uch nafar voyaga yetmagan shaxs jiddiy tan jarohatlari olgan. Olingan jarohatlarning jiddiyligidan Spark yo‘lovchilaridan biri voqeadan bir kun o‘tib hayotdan ko‘z yumgan. Ikkinchi kuni yana bir yo‘lovchi hayoti bilan vidolashgan. 

Ushbu voqea yuzasidan axborot bergan Zoir Islomov mazkur YTH bilan bog‘liq turli mish-mishlar asossiz ekanini ta'kidladi. Xususan, o‘sha kuni yo‘llarning yaxmalak yoki sirpanchiq bo‘lgani yoxud avtomobilni yo‘l-patrul xizmati avtomobili quvgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. 

Islomovning aytishicha, hozirda avtomobil uchta ekspertizadan o‘tkaziladi. Mashina tezligi, uning boshqa mashina bilan urilgan yoki urilmagani, texnik holatiga doir tahlillar va haydovchi bolaning ko‘rsatmalari, voqea joyidagi chizmalardan kelib chiqib xulosa qilinadi.

Top