23:38 / 04.03.2017
44895

Yangilangan “Uzbek Tigers” raqibini yer tishlatdi

2017 yil 4 mart kuni «O‘zbekiston» sport majmuasida katta boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda The World Series Boxing (WSB) Butunjahon Boks Seriyasining VII fasl uchinchi bosqichida O‘zbekistonning “Uzbek Tigers” jamoasi Rossiya Federatsiyasining “Patriot Boxing Team” jamoasiga qarshi ringga ko‘tarildi. 

Unda 49 kilogramm vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov Bator Sagaluyevga qarshi ringga chiqdi. 56 kgda Abdulhay Shorahmatov Dmitriy Sharafutdinov bilan kuch sinashdi. Elnur Abduraimov 64 kg vazn toifasida Radmir Abdurahmonovga qarshi jang olib bordi. 75 kgda Isroil Madrimov va Rajab Rajabov o‘zaro hisob-kitob qilishdi. Zuhriddin Mahkamov 91 kilogramm vaznda mehmon jamoa vakili Islom Tekeyevga qarshi imkoniyatini sinab ko‘rdi. 

Aytish joizki, qizg‘in va ayovsiz bo‘lgan janglarda hamyurtlarimiz raqiblariga umuman imkoniyat qoldirishmadi. Hakamlarning yakdil qarorlariga ko‘ra,  
“Uzbek Tigers” jamoasi “Patriot Boxing Team” jamoasini 5-0 hisobida mag‘lub etdi.

Shu bilan O‘zbekiston jamoasi o‘zining guruhdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. 

Endi “Uzbek Tigers” jamoasi yana ikki marta raqiblarini qabul qiladi. 18 mart kuni Xitoyning “China Dragons” jamoasi yurtimizga tashrif buyuradi. 1 aprel kuni Qozog‘istonning “Astana Arlans Kazakhstan” termasi “Uzbek Tigers” mehmoni bo‘ladi. Guruhdagi so‘nggi turda “Uzbek Tigers” Rossiyaga safar qilib, 21 aprelda “Patriot Boxing Team” bilan javob bahsini o‘tkazadi.  

Ma'lumki, “Uzbek Tigers” bokschilar klubi 2016 yilda tashkil etilgan. VII faslda uning tarkibiga 30 nafar bokschi kirgani ma'lum bo‘ldi. Qayd etish kerakki, ushbu bahsdan oldingi 2 turda muvaffaqiyatsizlikka uchragan jamoa tarkibi to‘liq yangilandi. 

WSB AIBA Butunjahon Boks Seriyasi VII faslning uchta guruhi 12 ta jamoadan iborat. “Uzbek Tigers” «S» guruhida “China Dragons” (Xitoy), “Patriot Boxing Team” (Rossiya) hamda “Astana Arlans Kazakhstan” (Qozog‘iston) jamolari bilan bir qatorda ringga tushadilar. Bokschilarimiz shu paytga qadar “Astana Arlans” hamda “China Dragons” jamoalari bilan mehmonda jang o‘tkazgan va ikki kuch sinashishda ham raqiblariga mag‘lub bo‘lishgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, The World Series Boxing (WSB) Butunjahon Boks Seriyasi chempionatining VII fasl uchinchi bosqich tarkibida O‘zbekiston sha'nini himoya qiluvchi bokschilar BUKA Boxing Sportswear tomonidan taqdim etilgan kiyimda ringga chiqdilar.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, “Uzbek Tigers”ning guruhdagi asosiy raqibi “Astana Arlans Kazakhstan” 4 mart kuni Xitoyning “China Dragons” jamoasini qabul qilib, mehmonlarni ayab o‘tirishmagan. Qozog‘istonliklar “China Dragons”ni 5-0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan. 

Mavzuga oid
Top