10:37 / 04.03.2017
5359

Xitoy harbiy byudjyetni oshirish haqida qaror qabul qildi

Foto: AP

2017 yilda Xitoy harbiy byudjyeti taxminan 7 foizga oshadi. Bu YaIMning 1,3 foiziga teng, deb xabar berdi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi vakili Fu In shanba kuni.

"Biz har yili harbiy byudjyetni mamlakat iqtisodiy rivojlanishi va o‘z talablarimizni hisobga olgan holda tuzamiz. Joriy yilda harbiy byudjyet taxminan 7 foizga o‘sadi va YaIMning 1,3 foizini tashkil qiladi", - dedi Fu In yakshanba kuni boshlanadigan Butunxitoy xalq vakillarining har yilgi sessiyasidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Fu Inning ta'kidlashicha, byudjyet o‘sishiga ta'sir ko‘rsatgan omillar orasida davlat xavfsizligini ta'minlash masalasi bor. Uning so‘zlariga ko‘ra, omillar ichida boshqa mamlakatlarga tahdid yo‘qdir.

"AQSh Xitoy o‘z holatini yaxshilashi yoki AQShni jangovar tayyorgarlik bo‘yicha ortda qoldirishidan xavotirda, aslida esa Xitoy rivojlanayotgan davlat sifatida AQShdan bu yo‘nalishda juda orqada qolmoqda. Shunga qaramay, Xitoy harbiy qurilishining rivoji – bu mamlakatimiz xavfsizligi va suverenitetini ta'minlashdagi talabdir", - deya ta'kidlab o‘tdi Fu In.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni damda Xitoyda Janubi-Xitoy dengizida tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun kuch va imkoniyatlar yetarlicha. Ta'kidlanishicha, Xitoy amaldagi hududiy bahslarni muloqot orqali hal etish tarafdori.

"Xitoyda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun kuch hamda imkoniyatlar yetarli. Ayni damda Janubi-Xitoy dengizi yuzasidan bahslashayotgan tomonlar muzokaralarga qaytishdi. O‘ylashimcha, mintaqadagi vaziyatning rivojida baribir AQShning rejalarini hisobga olish kerak", - dedi Fu In.

Ayni paytda Xitoy o‘z qurolli kuchlari modernizatsiyasi bilan faol ravishda shug‘ullanmoqda. Avvalroq XXR raisi Si Tszinpin texnologik innovatsiyalar “mamlakat armiyasi va milliy mudofaani yaxshilashdagi muhim omil ekanini” ma'lum qilgandi. Xitoy yetakchisining fikricha, mamlakat xalq-ozodlik armiyasining kelajagi innovatsiyalar va islohotlarga bog‘liq.

2015 yilning sentabrida Si Tszinpin Xitoy 2017 yilning oxiriga qadar o‘z qurolli kuchlari sonini jangovar bo‘lmagan tarkib hisobidan 300 ming kishiga qisqartirishi haqida ma'lum qildi. Shunga qaramay, XXOA dunyodagi eng yirik armiya bo‘lib qolmoqda – uning tarkibida 2 million kishi bor.

Xitoy harbiy byudjyeti esa dunyoda AQShdan so‘ng ikkinchi o‘rinda. O‘tgan yili Xitoy harbiy xarajatlari miqdori 146 mlrd dollarni tashkil etib, 7,6 foizga o‘sdi – bu olti yildagi eng past o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi. 2015 yilda harbiy byudjyet miqdori taxminan 135 mlrd dollarni tashkil etib, 2014 yil bilan solishtirganda 10,1 foizga o‘sdi. 

Top