17:31 / 04.03.2017
51173

Toshkent shahrida noyob savdo markazi qurilmoqda

Foto: Sputnik

Joriy yilda O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida me'morchilik nuqtai-nazaridan noyob savdo-ko‘ngilochar markazi quriladi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston.

Yangi obekt poytaxtning eng yirik bozorlaridan biri - Qo‘yliq bozori yonida, sobiq kiyim bozori o‘rnida quriladi. Ayni damda quruvchilar ishni boshlagan, bino poydevori allaqachon qad rostlagan. 

Obektning o‘ziga xos jihati uning tashqi ko‘rinishidan iborat bo‘lib, bino qurilishida ulkan shishalardan foydalanilishi aytilmoqda. 

Yana bir qiziq tomoni, O‘zbekistonda ilk marotaba avtoturargohni binoning tom qismida joylashtirish haqida qaror qabul qilindi. Ya'ni yangi savdo-ko‘ngilochar markaziga qarashli avtoturargoh bino tomida joylashtirilgan bo‘ladi. Obektning o‘zi esa bir necha qavatdan tashkil topadi, deyiladi xabarda.

Loyihachilar o‘zbekistonliklarni yana bir marta lol qoldirish uchun "yashil avtoturargoh" yaratish ustida izlanmoqdalar.

Bugungi kunda poytaxtdagi aksariyat avtoturargohlar quruq asfaltdan iborat bo‘lgan bir paytda, bino tomi ustida barpo etiladigan avtoturargoh tabiat bilan uyg‘un tarzda yaratilishi ta'kidlanmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, avtomobillar yon-atrofida daraxtlar va boshqa o‘simliklar bo‘lishi kerak.

Top