13:13 / 04.03.2017
16332

Uzoq umr ko‘rish va organizmdagi yog‘lar almashinuvi o‘rtasida bog‘liqlik topildi

Foto: Fotolia

Rossiya Fanlar akademiyasining ma'lumot almashish muammolari Institutidan bo‘lgan olimlar va ularning xorijiy hamkasblari organizmdagi yog‘lar almashinuvining o‘ziga xos jihatlari inson umri davomiyligiga qanday ta'sir o‘tkazishini aniqladi. Bu haqda Scientific Reports jurnalida e'lon qilingan maqolada aytiladi.

"Biz tur hayotining davomiyligi va uning moddalar almashinuvining o‘ziga xos jihatlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladik. Bu juda qiziq bo‘lib, biz tomondan sutemizuvchilarning 35 turi teri ostida paydo bo‘ladigan yog‘ to‘qimalaridan tashkil topgan o‘simta (lipidoma) haqida olingan ma'lumotlar juda muhim. Avval lipidoma rivojlanishini atigi to‘rt turda o‘rganilgan. Bizning 35 tur bo‘yicha ma'lumotlarimiz yangi, juda qiziq natijalarni olishda qo‘l keladi", - deya aytib o‘tdi institut ilmiy xodimi Yekaterina Xrameyeva.

Inson hayotining odatiy davomiyligi doimiy qiymatga ega emas – insoniyat paydo bo‘lganidan beri u 20dan 30 yilgacha bo‘lgan vaqtni tashkil etgan, so‘ngra asta-sekin, ilm-fan va tibbiyot rivojlanishiga qarab o‘sib borgan. Bugungi kunda aksariyat davlatlardagi kishilar 60 yildan ko‘proq yashaydi, Yaponiya va boshqa rivojlangan davlatlar esa bu ko‘rsatkich – 80 yilga teng. 

Boshqa tomondan, ko‘plab tirik jonzotlar uchun o‘ziga xos maksimal yosh bor bo‘lib, unga yetgan hayvonlarning aksariyati qarilikdan o‘ladi. So‘nggi yillarda olimlar bu insonga mos ekani yuzasidan jiddiy bahslarga kirishgan. O‘tgan yilning oktabrida amerikalik tadqiqotchilar bunday maksimal yosh 100-115 yilga teng ekanini ma'lum qilishdi.

Xrameyeva va uning hamkasblarining aytishicha, hayotning maksimal davomiyligi bir-biriga yaqin bo‘lgan sutemizuvchilarda o‘n baravarga farq qilishi mumkin. Masalan, insonlar makakalarga qaraganda uch marotaba ko‘proq hayot kechiradi – bu DNK tuzilmasidagi kichik farqlarga qaramay kuzatiladi. Olimlar bunga nima sabab ekanini aniqlay olishgani yo‘q.

Rossiyadagi institut va bir qator xorijiy tadqiqot markazlari olimlarining taxminicha, bu savolga javob miya, jigar, buyraklar va boshqa organlarning hujayralari yog‘ molekulalari bilan qanday aloqada bo‘lishida yashirinishi mumkin. Olimlar bu nazariyani tekshirish uchun 35 turdagi sutemizuvchilarning muhim organlaridan 669ta yog‘ namunalarini olishdi, so‘ngra ularning molekulyar tuzilmasini bir-biri bilan taqqoslashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, hujayralar hayot faoliyatida qo‘llaniladigan yog‘ molekulalari tuzilmasidagi o‘ziga xos jihatlar haqiqatdan ham sutemizuvchilarning umri davomiyligi bilan bog‘liq ekan. Masalan, uzoq yashaydigan hayvonlarning hujayra membranasidagi ba'zi yog‘ turlari qisqa hayot kechiradigan turlarning hujayralaridagi shunday molekulalarga qaraganda ko‘proq vodorodga ega bo‘lgan.

Yangilik mualliflarining taxminicha, bu moddalar almashinuvi tezligidagi farq bilan bog‘liq – uzoq yashaydigan hayvonlarda bu yog‘ turlari sekinroq oksidlanadi. Olimlarning fikricha, sutemizuvchilar organizmlaridagi yog‘lar aylanishiga oid bunday farqlarning topilishi qarish jarayoni qanday yuz berishi va uni to‘xtatish imkoni haqida tushuncha hosil qilishga yordam berishi mumkin.

Top