19:46 / 05.03.2017
11958

Iroq Kurdistoni rahbari: Iroqni Chexoslovakiya taqdiri kutmoqda

Iroqni Chexoslovakiya taqdiri kutmoqda, uning parchalanishi muqarrar bo‘lganda kurdlar o‘z davlatlariga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritishadi. Iroq Kurdistoni prezidenti Masud Barzoniy Italiyaning La Stampa gazetasiga bergan intervyusida shunday bayonot bildirdi. 

"Yaqin Sharqda, xuddi Yevropadagi kabi, tarix Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridan keyin yaratilgan davlat tuzilmalari bo‘sh bo‘lib chiqdi. Chexoslovakiya va Yugoslaviya ham xuddi hozir Sayksa-Piko pakti merosida kuzatilayotgani kabi parchalandi", - dedi Barzoniy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qashshoqlik va yo‘qotishlarni boshdan kechirgan xalqlar himoyalanishi va kelgusida rivojlanishi uchun aniq ko‘rinishdagi kompensatsiyaga, yerga ega bo‘lishlari kerak.

Mualliflar (Britaniya va Fransiya diplomatlari) familiyasi berilgan Sayksa-Piko shartnomasi Birinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi ta'sir doiralarini chegaralab qo‘ygan va mintaqadagi zamonaviy chegaralarni belgilash uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. 

"Kurdlar ham G‘arbiy Yevropa xalqlari kabi o‘z davlatiga ega bo‘lish huquqiga ega", - dedi Barzoniy. 

Uning fikricha, Kurdistonning mustaqilligi Yaqin Sharqqa barqarorlik olib keladi, zero kurdlar jamiyati demokratiyaga hurmat, ko‘ppartiyaviylik va tinch hayot kechirish tamoyillariga asoslanadi. Bu mintaqadagi inqirozlar sonini kamaytiradi va undagi mamlakatlar manfaati uchun xizmat qilishga yordam beradi. 

Intervyuda kurd siyosatchisidan Rossiyaning Yaqin Sharqdagi oshib borayotgan roli haqida so‘ralgan. 

"Rossiya - katta va muhim davlat. U bilan xalqaro qonunlarni hurmat qilgan holda, ziddiyatlar va tushunmovchiliklarni chetlab o‘tib, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish mumkin, zero vaziyat juda tarang. Rossiya o‘z manfaatlarini ko‘zlash huquqiga ega, biroq bu u istagan narsasini qilish huquqini bermaydi", - dedi Barzoniy. 

Shuningdek u kurd qo‘shinlari va Iroq harbiylarining Mo‘suldagi IShID pozitsiyalariga hujumi mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilardan shaharning g‘arbiy qismini ozod qilishgina qoldi, biroq "Mo‘sulni zabt etish IShIDning mag‘lubiyatiga olib kelmaydi".

"Ular hujum usulini o‘zgartirishadi. Ular bilan kurashda iqtisodiy va ijtimoiy, g‘oyaviy jihatlarga ham e'tibor berish kerak bo‘ladi", - dedi Iroq Kurdistoni rahbari. 

Mavzuga oid
Top