07:28 / 06.03.2017
6150

Yaponiyaliklar qirg‘izistonliklarni o‘qitib, so‘ngra ish bilan ta'minlaydilar

Foto: Qirg‘iziston hukumati matbuot-xizmati / Sabir Ailchiyev

Yaponiyaning Tokyo Rope MFG Co. Ltd kompaniyasi Qirg‘izistonda yuqori malakali muhandis va konchilarni o‘qitish bilan shug‘ullanmoqchi. O‘qishni yakunlaganlar keyinchalik kompaniyaning xalqaro loyihalarida ishlaydilar. Bu haqda kompaniya rahbari Shigeto Tanakining Qirg‘iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashuvi natijalariga ko‘ra ma'lum qilingan. 

Uchrashuv vaqtida Jeenbekov Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi Yaponiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishdan manfaatdorligini va ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Bosh vazirning aytishicha, Qirg‘izistonda xorijiy kapitalga ega biznesni yuritish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.    

Tanakaning aytishicha, hamkorlikning boshlang‘ich bosqichida kompaniya mutaxassislarni o‘qitmoqchi. Bundan tashqari, Tokyo Rope Qirg‘izistonda qurilish kompaniyasi ochmoqchi va metall buyumlar ishlab chiqaruvchi zavod qurmoqchi.   

Kompaniya va Qirg‘izistonning iqtisodiyot vazirligi huzuridagi investitsiyalar va eksportni ilgari surish davlat agentligi o‘zaro hamfikrlik memorandumini imzolashgan.   

Avvalroq mamlakat prezidenti Almazbek Atambayev Tanakani va Mitsui & Co. Steel Ltd kompaniyasi vitse-prezidentini qabul qilgan. Uchrashuvda yaponiyaliklar Qirg‘izistonda po‘lat arqon ishlab chiqaruvchi zavod qurishlarini va infratuzilma obektlarini toshlar tushishi, ko‘chki va sellardan himoyalovchi tizimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishlarini ma'lum qilishgan.     

Mavzuga oid
Top