23:07 / 06.03.2017
10455

Senator va deputatlarning shaxsan o‘zi xalq bilan yuzma-yuz uchrashmoqda

Qonunchilik palatasi deputatlari Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi haqiqiy holatni o‘rganish yuzasidan ko‘pgina ijtimoiy obektlarda bo‘lib, aholi bilan uchrashmoqdalar. O‘rganish davrida deputatlar va senatorlar hududlardagi aholi, shu jumladan yoshlar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari hamda faollari bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Ular tomonidan shu kungacha 306 ta xonadonga tashrif buyurilib, har bir xonadon vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borildi. O‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlarda 894 nafarga yaqin fuqaro, shu jumladan 79 ta tadbirkorlik sub'yektlari qamrab olindi hamda ularni o‘ylantirayotgan muammo va kamchiliklar yuzasidan fikrlari eshitildi va o‘rganildi.

Yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan deputatlar va senatorlar tomonidan amalga oshirilgan tegishli chora-tadbirlar natijasida 14 ta masala joyida hal etildi, jumladan “Karvon” MFYda yashovchi aholi tomorqalaridan yer osti suvlari ko‘tarilishidan noroziligini bildirishdi. Tumandagi “Quyi Zarafshon nasos stansiyalari energetika va aloqa boshqarmasi” bilan hamkorlikda yerning zaxini qochirish masalasi ko‘rib chiqilib, mahalladagi tik quduq (artizan)ni ishlatish orqali ushbu masala hal etildi. Shu bilan birga mutasaddi tashkilotga tik quduq (artizan)ni muntazam ishlatib turish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. “Burqut” MFYdagi “Ibn Sino” ko‘chasidan chiqindilarni olib chiqib ketilishi bo‘yicha fuqaro N.Quziyevning murojaati tuman Obodonlashtirish bo‘limi bilan kelishilgan holda jadval asosida olib ketilishi yo‘lga qo‘yildi. “O‘zbekiston” MFYda yashovchi fuqaro S.Boboyorovning Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori bilan davolanish masalasidagi murojaati ijobiy hal etish choralari ko‘rildi. “Qalqon ota” MFYda yashovchi R.Abdiyev xonadonini elektr tarmog‘iga ulashga doir murojaati tuman elektr tarmoqlari korxonasi mas'ullari bilan hamkorlikda hal etildi.Tuman darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan, tabiiy gaz bosimining pastligi, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, nogironligi sababli nogironlik guruhini berilishi, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketilishi kabi 35 ta masala yuzasidan tegishli mahalliy davlat organlari va boshqa tashkilotlarga aniq taklif va tavsiyalar berildi hamda ularning bajaralishi nazoratga olindi.

Hozirda deputatlar va senatorlar tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini o‘rganish, hamda tumanni rivojlantirishga doir dolzarb vazifalarni hal qilishda, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta'minlashda ushbu davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga ko‘maklashish yuzasidan ishlar olib bormoqdalar.

Mavzuga oid
Top