23:13 / 07.03.2017
60476

Xiyobonda quchoqlashgan u aybdormi, yonidan jim ketgan bizmi?

O‘zbekning qadriyati, uning asrlar osha avlodlarga o‘tib kelayotgan urf-odatlariyu, an'analarini butun dunyo e'tirof etyapti. Ammo ayrim zamonaviy yoshlarimiz esa bu narsaga eskilik sarqiti sifatida qaramoqda. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, yigit va qiz o‘rtasidagi munosabat masalasiga.

Biz o‘zimizdan oldingi jurnalistlar, ma'rifatparvar insonlar, ziyolilar tomonidan qalamga olingan so‘zlarni takrorlamoqchi emasmiz. Zero ko‘cha-kuyda, xiyobonlarda va boshqa xilvat maskanlarda yigit va qiz o‘rtasida alanga olgan sevgining amalda nimalar qilayotganini o‘z ko‘zimiz bilan real hayotda yoki internet orqali ko‘rib turibmiz. Ko‘rayapmizu, ammo beparvo bo‘lyapmiz, beparvo bo‘lmay bular haqida so‘z yurityapmizu, ammo so‘zimizning qadri bo‘lmayapti. Xo‘sh, nega? Bugun ana shu haqida imkon qadar so‘z yuritishga ahd qildik.

Tasavvur qiling, xiyobondan ketib boryapsiz, o‘rindiqda o‘tirgan ikki “sevishgan” bir-biriga yopishganicha... xullas shunaqa manzara guvohiga aylandingiz. Nima qilasiz? Indamay o‘tib ketish holati 98 foiz. 2 foiz odam esa bunday holatlarda boshqa yerdan yuradi. Xo‘sh, nega? Chunki ularga gapirsangiz ortiqcha asabbuzarlik, ortiqcha vaqt ketadi, deb o‘ylaymiz yoki muammo orttirib olishdan qo‘rqamiz. Kuppa-kunduzi bir-birining pinjiga kirib ketmoqchi bo‘lganlar esa, go‘yo sharmsizlikni siz qilayotgandek, o‘zingizni yer bilan bitta qilib tashlashadi. Ana shularni o‘ylab yoki yuqoridagi 98 foizlik guruhga yoki 2 foizlik guruhga qo‘shilasiz. Ammo bu noto‘g‘ri. Ayb ish qilayotgan inson ming baqir chaqir qilgan taqdirda ham, u hech qachon qilayotgan o‘z aybini unutmaydi va ana shunday shallaqilik bilan uni berkitmoqchi bo‘ladi. Agar sizdagi qat'iyatni ko‘rsa, agar u jamiyatdagi qat'iyatni ko‘rsa, hech qachon ko‘cha-kuyda bu ishni amalga oshirmaydi.

Yigitlarning ham bu borada g‘ururlariga chang tushgan. Yigit va qizning odamlar oldida quchoqlashib yoki boshqa ish qilib o‘tirishganini ko‘rib, indamay qo‘yaverashdi. Ammo shu indamaslarning singlisi, opasi yoki qarindoshi shu ishni qilsa, to‘polon ko‘tarishadi. Nega, chunki tanishda. Bu esa notanish. Bunaqasi ketmaydi. Jamiyat mustahkam bo‘ladimi unda? Menga nima, o‘zim tinch bo‘lay, degan aqiyda o‘zbeklarga xos emas. Ayniqa, o‘zbek erkaklariga.

Ayrim qizlarning erkaksifat bo‘lib ketishayotgani, yigitlarga o‘xshab “ko‘chani qizi” bo‘lib olishib, zamonaviy dunyoning zamonaviy nag‘malariga o‘ynayotganlari ham kishini tashvishga soladi. Gapirib ko‘rsangiz, kulgingizni qistatib “demokratiya” deyishadi. O‘zbekiston madhiyasining muallifini bilmaydigan bunday yoshlar “demokratiya” deganda o‘zbeklar uchun “milliy qadriyatlarga asoslangan demokratiya” zarurligini emas, ko‘cha-kuyda istagan ishini bajarish mumkin, degan tushunchani anglashadi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish lozim.

Gap aylanib, ota-onaga borib taqaladi. Ayrimlari tanqidni to‘g‘ri qabul qiladi, oiladagi tarbiyani, tartibni kuchaytiradi. Boshqalari esa “men farzandimga ishonaman”, deydi. Ana shu yerdan noto‘g‘ri yo‘nalish boshlanadi. Farzandga tarbiya unga ishonmaslikdan berilmaydi-ku axir. Bolasining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanayotganlar unga ishonmaslikdan bu ishni qilishmaydi. Boshqa birov esa tirikchilikni bahona qiladi. Bola o‘stirishni uning qornini to‘yg‘izish, deb hisoblashadi. Hurmatli ota-ona, qani aytingchi, farzandingizning yonida yurgan do‘stlari kim, ular qanday xarakterli yigit-qizlar, shular haqida astoydil qiziqqanmisiz? Yoki bo‘lmasa farzandingizning haftalik dars jadvalini yoddan, to‘liq bilasizmi? Haftaning qaysi kunida o‘qishi nechida tugashidan aniq xabardormisiz? Bular maydalashish yoki qiyin bo‘lgan ishlar emas, bular ayni zamon talabi. Shuni unutmang: yer yuzida o‘zgarmas bir qoida bor – bola baribir tarbiya olib voyaga yetadi. Uni yoki o‘zimiz tarbiya etamiz yoki o‘zgalar. 

Inson organizmiga infeksiya tushsa, immun tizimi darhol ishga tushib, u bilan kurashishga kirishadi. Shu sabab inson isitmalaydi, qiynaladi va o‘zida kasallik mavjud ekanligini tushunib yetadi. Shundan so‘ng davolanishga kirishadi. Jamiyat ham shunday. Unga tushgan infeksiyalarni yo‘q qilish uchun immun tizimi zarur bo‘ladi, ya'ni biz. Agar biz o‘z vaqtida bunga qarshilik ko‘rsatmasak, jamiyat falajlanadi, og‘ir holatga kelib qoladi.

O‘zim guvohi bo‘lganim, Qashqadaryoning markaziy shaharlaridan biri Shahrisabzda katta, zamonaviy alleya bunyod etildi. Hamma yoq obod. Yoshlar sayr etib yurishipti. Ammo o‘rindiqlarda, boshqa pana joylarda yigit va qizning nomaqbul ish qilib o‘tirishganining guvohi bo‘lmaysiz. Nega? Chunki shahar kichik, barcha bir-birini taniydi. Chet tumandan mehmon bo‘lib kelgan yoshlar ham bu ishni qila olmaydi, chunki mahalliy yigitlar bunga yo‘l qo‘ymadi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ammo sabab bitta: Shahrisabz muqaddas zamin, ko‘p ulug‘ odamlar o‘tib ketgan, bu yerlarda bunday ishlar qilib bo‘lmaydi, deb hisoblashadi. 

Qadimgi podshohlardan biri o‘zga yurtni bosib olish rejasini qilayotganida, bir shaharni chetlab o‘tadi. Sababini so‘rashganida podshoh shunday deydi: “Bu yurtning erkaklari ayollarini juda qizg‘anishadi. Ayolini qizg‘angan erkak hovlisiga, mahallasiga, shahriga begona odamni ikki dunyoda kiritmaydi. Biz bu shaharni istasak ham ololmaymiz”.

Butun bir jamiyatning muammosini qanday hal qilish mumkin, hamma yerda shu ahvol, deguvchilar qattiq yanglishadi. Chunki jamiyat bu - siz. O‘zingizni isloh qiling, so‘ng oilangizga ibrat bo‘ling. Oilangiz boshqalarga ibrat bo‘lsin. Qarabsizki, bu ko‘lam ko‘cha, mahalla, shahar, viloyat, davlat ko‘rinishida kengayib boraveradi. Zero, ma'rifat ham, jaholat ham insondandir.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Top