17:13 / 07.03.2017
9010

«Real» uchun yana bir sinov. Kunning markaziy uchrashuvi haqida

Bugun Yevropa chempionlari ligasi 1/8 final javob uchrashuvlariga start beriladi. «Real» Italiyada mehmon bo‘lsa, birinchi uchrashuvda deyarli barcha masalaga oydinlik kiritib bo‘lgan «Bavariya» «Arsenal» bilan safar uchrashuvini o‘tkazadi. Tribuna.Uz uchrashuvlar oldi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashadi.

NAPOLI – ReAL (8 martga o‘tar kechasi, 00:45, UzReport, Match TV)

Amaldagi chempion «Real» 1/4 final yo‘llanmasini naqd qilib qo‘yish maqsadida «Napoli» uyiga safar uyushtiradi. Buning uchun jamoaga bitta to‘p farqi bilan mag‘lubiyat ham kifoya qiladi. Ma'lumot uchun, birinchi uchrashuvda Zidan shogirdlari 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Bu uchrashuvga qadar jamoalar o‘zaro birorta uchrashuvda maydonga tushmagandi. 

Uchrashuv oldidan
«Napoli»

Neapolliklar uchrashuvga juda yaxshi kayfiyatda yetib kelishdi. Sarri shogirdlari A seriyaning so‘nggi turida «Roma» maydonida mehmon bo‘lib, o‘ta muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi va 2-o‘rin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi. Italiyaliklar keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun kamida 2:0 hisobida, yoki 3 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishi kerak. 3:1 hisobidagi g‘alaba esa qo‘shimcha bo‘limlar va penaltilar seriyasini taqdim etishi mumkin.

«Real Madrid»
Zinedin Zidan shogirdlari Ispaniya chempionatining so‘nggi turida «Eybar» ustidan g‘alaba qozondi. Ronaldu, Garet Beyl, Alvaro Morata uchrashuvni o‘tkazib yuborgan bo‘lishiga qaramay madridliklar ishonchli o‘yin ko‘rsata olishdi. Uchrashuvdan oldin kichik jarohat olgan Ronaldu Italiyaga o‘yinga tayyor holatda yetib keldi.

Yo‘qotishlar 
«Real» tarkibida Rafael Varanning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Ronaldu yuqorida aytganimizdek safga qaytgan Kazemiro ham maydonga tushishga tayyor. «Napoli» tarkibida esa birgina Allan o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin.

Taxminiy tarkiblar
Napoli: 
25. Reyna, 31. G‘ulom, 26. Kulibali, 33. Albiol, 2. Hyusay, 17. Hamshik, 42. Diavara, 20. Rog, 24. Insine, 14. Mertens, 7. Kalexon.
Real: 1. Navas, 12. Marselo, 5. Varan, 4. Ramos, 2. Karvaxal, 19. Modrich, 14. Kazemiro, 8. Kroos, 11. Beyl, 9. Benzema, 7. Ronaldu.

O‘yindan oldingi fikrlar
Zinedin Zidan («Real» bosh murabbiyi):

«Chempionlar ligasi uchrashuvlari har doim qiyin bo‘lgan. Biz juda kam mag‘lubiyatga uchraydigan jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Ayniqsa, ular uyda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. Bu yerda bizga oson bo‘lmasligi aniq. Muxlislar o‘z jamoalarini aqlbovar qilmas tarzda qo‘llab-quvvatlashadi. Ammo bu ham bizga qo‘shimcha motivatsiya beradi. O‘ylashimcha, «Napoli» o‘yin boshidan hujumga zo‘r beradi. Chunki ularga gol suv va havodek zarur».

Maurisio Sarri («Napoli» bosh murabbiyi):
«Barcha bosim «Real»ga bo‘ladi. Chunki ular jahon chempioni, dunyoning eng boy jamoasi. Shu sababdan ham ular keyingi bosqichga chiqishga majbur. Ammo bizning muxlislar ham o‘z ishi bo‘yicha jahon chempioni. Uchrashuvda buning guvohi bo‘lasiz. Raqibimiz 46 uchrashuvdan buyon  gol urishni uddalab kelmoqda. Bu statistika ularga yordam berishi mumkin. Lekin bizda ham vaziyatlar bo‘lishi aniq. Bu kabi uchrashuvlarda senda qancha vaziyat bo‘ladi deb o‘ylash to‘g‘ri emas. Shunchaki duch kelgan xavfli vaziyatdan foydalanish kerak. O‘ylashimcha, har qanday natijaga qaramasdan, o‘z o‘yinimizdan zavq olishimiz kerak».

Mavzuga oid
Top