21:19 / 09.03.2017
6619

Britaniya kompaniyasi 12 silindrli motorga ega retro-sportkar yaratdi

Foto:motor.ru

Klassik dizaynga ega avtomobillarni zamonaviy texnik qurilmalar bilan jihozlashga ixtisoslashgan Eadon Green britan startapi Jyeneva avtosalonida Black Cuillin retro-sportkarini taqdim qildi. Ikki eshikli model 12 silindrli motor bilan jihozlangan.

Yangi mashina haqida ma'lumotlar kam. Shunisi ma'lumki, motorning hajmi 6 litrni tashqil qiladi. Mashinaning spidometridan u soatiga 170 milgacha (274 km/soat) yurishi mumkinligini ko‘rish mumkin.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, sportkar dizayni 1930-yillardagi Alfa Romeo 8C 2900 mashinasi uslubida bajarilgan. Mashina suratlaridan u elektr sozlagichli o‘rindiqlar, navigatsiyaga ega multimedia majmuasi, dvigatelni tugma bilan ishga tushirish tizimi bilan jihozlangani va charm bilan qoplanganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, salonni bezashda yog‘och va metall elementlar hamda  Garrick England kompaniyasi soatlari qo‘llangan.

Yangi mashinaning narxi va seriyali tarzda ishlab chiqarilishi haqida hech narsa ma'lum qilinmagan.

 

Top