2017 yil 08 mart kuni tungi soat 01.20larda Farg'ona shahar IIB navbatchilik qismiga Farg'ona shahar A.Navoiy ko'chasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, uch nafar noma`lum shaxslar temir jism bilan qurollangan holda, g'ayriqonuniy ravishda uning xonadoniga bostirib kirishib, hayoti va sog'lig'i uchun xavfli bo'lgan zo'rlik ishlatib, tan jarohati yetkazishib, 2600 AQSh dollari va «Jyentra» rusumli avtomashinasini egallab, noma`lum tomonga yashiringanligini bildirgan. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi IIV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ushbu xabarga asosan voqea joyiga chiqqan tezkor-tergov guruhi tomonidan jinoyat sodir bo'lgan joydan 9 dona barmoq izlari, bir dona uzunligi 120 sm bo'lgan temir va xonadonga o'rnatilgan videokameradagi yozuvlar tekshirish uchun ashyoviy dalil tariqasida olingan.
 
Holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida, jabrlanuvchiga tegishli bo'lgan «Jyentra» rusumli avtomashinani shaharning Oltin kuz ko'chasida noma`lum shaxslar boshqarib ketishayotganligi aniqlanib, ular Farg'ona viloyati IIB PPX va JTSBga bevosita bo'ysunuvchi Farg'ona bataloni xamda Farg'ona shahar IIB xodimlari tomonidan ushlanishgan.

Shuningdek, gumonlanuvchilarning yonidan jabrlanuvchiga tegishli bo'lgan 900 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan. 

Mazkur bosqinchilik jinoyatini 1992 yilda va 1993 yilda tug'ilgan ikki nafar qiz hamda 1997 yilda tug'ilgan yigit birgalikda, oldindan jinoiy til biriktirib sodir etishgani aniqlandi. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.