19:17 / 09.03.2017
7800

NASA koinot agentligining yaqin yillar uchun rejasi tasdiqlandi

AQSh hukumati 7 mart kuni NASA koinot agentligiga 19,508 mlrd dollarlik byudjyetni ta'minlovchi qonun loyihasini tasdiqladi, bu esa 2016 yilgi byudjyetdan 208 mln dollarga ko‘proqni tashkil qiladi. Bundan tashqari, hukumatda agentlik barcha kuchlarini safarbar qilishi va voz kechish kerak bo‘lgan loyihalar ta'kidlab o‘tildi. Kongressning biror a'zosi agentlik byudjyetining oshirilishiga qarshi chiqmagan.  

Xo‘sh, agentlik mamlakat rahbariyati ishonchini qozonish uchun nimalarga o‘z e'tiborini qaratishi kerak? Birinchidan, ajratilgan byudjyet agentlikdan odamlar 2030 yilgacha Mars orbitasida yoki uning sirtida bo‘lishi uchun barcha mumkin bo‘lgan ishni bajarishni talab qiladi. Qonun loyihasida koinotni tadqiq qilish bo‘yicha loyihalar avval Yer atrofidagi orbita, keyin esa Oy tomon va shundan keyingina uning tashqarisiga chiqishi kerakligi alohida band qilib ajratilgan. Agentlik navbatdagi marotaba Oyni zabt etgandan keyin, Marsga odamlarni yetkazish haqida o‘ylashi mumkin bo‘ladi.

Qonun loyihasi 146 betlik bo‘lib, quyida unda uchraydigan eng e'tiborli jihatlarni keltirib o‘tamiz. Misol uchun, hukumat agentlikdan yirik asteroidlarni ushlab, uni Oy orbitasiga tadqiq qilish uchun yetkazish g‘oyasidan voz kechishni talab qildi. Kongress barcha kuchni Marsga odamlarni yuborish loyihasini ishlab chiqishga yo‘naltirishni talab qilgan. 

Shuningdek, Yupiterning oylaridan biri – Yevropaga zond yuborish loyihasi ma'qullandi. Bundan tashqari, NASA’dan insonning yer atrofidagi orbitadan tashqarida doimiy bo‘lishini kengaytarish talab qilinmoqda. SLS raketa tashuvchisi va Orion koinot kemasining uchuvchisiz sinov parvozi 2018 yilga belgilangan. 2021 yilda shu kema amerikalik fazogirlarni Oyga yetkazadi. Shuningdek, NASA odamlar va yuklarni yetkazish uchun tovushdan tez va gipertovushli samolyotlarni yaratishi kerak. Koinot agentligining kiberxavfsizligini kuchaytirish alohida band qilib ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid
Top