18:02 / 09.03.2017
15445

Qalb o‘g‘rilari. "Iyegova shohidlarini bolalar qotili sifatida la'natlayman..." 

Qozog‘istonning Zona.kz internet-gazetasida "Iyegova shohidlari" sektasi bilan bog‘liq mash'um voqea matni taqdim etildi

"So‘rashingiz mumkin, meni - 60 yoshli cholni internetga maqola yozishga nima majbur etdi deb. Men qayerga murojaat qilish va o‘z dardimni kim bilan bo‘lishish haqida uzoq o‘yladim. Men ushbu maqolam orqali odamlarning "Iyegova shohidlari" qotil-seksiyasiga tushib qolishdan saqlamoqchiman. 

Men, Pyotr Sergeyevich, turmush o‘rtog‘im Larisa Arkadevna va bizning farzandlarimiz Sergey, Yekaterina va Anatoliy pravoslav nasroniylarmiz. Biz oilamizning barcha a'zolari bilan katta pravoslav bayramlarga Toshkent shahridagi Muqaddas Uspenskiy Kafedral ibodatxonasiga borar edik. 

Bolalar ulg‘ayishdi, oilali bo‘lishdi, endi ularning o‘zlari ham farzandli bo‘lishdi. Kenja o‘g‘lim Anatoliy to‘yidan bir necha oy o‘tib, keskin o‘zgara boshladi, odamovi bo‘lib qoldi, biz bilan gaplashgisi kelmas, sog‘lig‘imiz bilan ham qiziqmay qo‘ydi. Bizning uyimizga kelganda esa diniy mavzularda suhbatlasha boshladi. Ta'kidlash joizki, biz farzandlarimizni bolalikdan Yaratganni sevishga o‘rgatganmiz, lekin hech qanday fanatizmsiz. 

Endi esa Anatoliy biz bilan muntazam ravishda diniy mavzularni muhokama qila boshladi. Bir kuni turmush o‘rtog‘i Yelena va sevimli nabiram Volodya bilan mehmonga keldi. Maishiy mavzulardagi suhbatlarda ularning ikkisi ham men bilan ayolimga aql o‘rgata boshladi va Injil hamda uning qonunlarini o‘rganishga da'vat qilaverishdi. Shu kuni men nihoyat kelinim o‘g‘limni "Iyegova shohidlari" sektasiga jalb qilgani hamda uni bizga, ya'ni "Iyegovani inkor qiluvchilar"ga qarshi qilib qo‘yganini tushunib yetdim. 

Biroq bu hali eng dahshatlisi emas. 2015 yilning 25-yanvarida o‘g‘lim oilasi bilan avtohalokatga yo‘liqdi, unda eng ko‘p jabrlangan inson - nabiram Volodya bo‘ldi. 

Buyog‘iga mening, Afg‘on urushidek jahannamdan o‘tgan kishining ko‘zimga yosh kelmoqda. YTHdan keyin o‘g‘lim menga qo‘ng‘iroq qilib, ro‘y bergan hodisadan xabardor qildi va ular hozir travmatologiya bo‘limida ekanliklarini aytib, onasi bilan kelishimni so‘radi. 

Shifoxonaga borganimizda biz sevimli nabiramiz operatsiya stolida ekanidan xabar topdik. Shu payt hamshira chiqib, bolaga zudlik bilan qon quyish kerakligini aytdi, zero u ko‘p qon yo‘qotgandi. BIROQ, nabiramning onasini ona deyishga tilim bormaydi, chunki u birinchi bo‘lib bolasiga qon quyishlariga qarshilik qildi, nima emish - u va uning o‘g‘li, ya'ni nabiram, "Iyegova shohidlari" tashkilotiga a'zo xudojo‘y odamlarmish...

Jahlim chiqib ketdi va shifokorlarga Yelenani umuman eshitmasdan o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishlarini aytdim. Shifokorlar unga e'tibor bermay, o‘z ishlariga kirishgan paytda Yelena o‘zining ma'naviy qotil-ustozlariga qo‘ng‘iroq qila boshladi, ular - qotillar sektasi rahbari Tokmantsev Pasha, Yurchenko Igor, Sultanov Rinat va Korolyov Nikolay. Kelinim shu shaxslardan o‘z bolasini shifokorlar "zug‘umi"dan qutqarishni so‘rardi. U qotil-ustozlari bilan maslahatlashib, butun inshootni boshiga ko‘tarib baqirgunicha nabiram Volodya hayotdan ko‘z yumdi... 

O‘g‘lining o‘limidan xabar topgan onasi (agar uni ona deb atash mumkin bo‘lsa) bunga mutlaqo xotirjam munosabat bildirdi, hech qanday pushaymon va qayg‘uning soyasi ham ko‘rinmasdi. Uning birgina aytgan gapi - "Iyegovo Xudosi o‘g‘limni tanlanganlar qatoriga olib ketdi". Mening o‘g‘lim ahmoq xotiniga hech nima deya olmasdi, uni qo‘llab-quvvatlab, barchasi Iyegovoning qo‘lida ekanligini ta'kidlardi. 

Aziz odamlar, ayanchli tajribamizdan kelib chiqib, Sizlardan o‘tinib so‘rayman, Iyegovo shohidlari sektasidan ogoh bo‘ling va o‘z yaqinlaringizning uning to‘riga tushishlariga aslo yo‘l qo‘ymang".

Top