23:03 / 09.03.2017
9130

Toshkent shahridagi sayyor sudlarda 182ta jinoyat ko‘rib chiqildi

Jamoat joylarida, oila-turmush doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida, sudlar tomonidan jamoat tashkilotlari, profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda sayyor sud majlislari o‘tkazildi. Hafta davomida aniqlangan 164ta mayda bezorilik, 18ta yengil tan jarohati yetkazish kabi huquqbuzarliklar aynan shunday sayyor sudlarda muhokama qilindi.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan shunday sayyor sud majlislarida Kun.uz sayti muxbiri ham ishtirok etdi. Ulardan biri tumandagi “Aviasozlar” mahallasidagi 226-o‘rta ta'lim maskani binosida bo‘lib o‘tdi. Unda mast holatda mashina boshqargan fuqaroning qilmishi muhokama qilindi. U avval ham mast holatda avtomobil boshqargani uchun 2 yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan. Unga ushbu ish bo‘yicha ma'muriy ta'sir chora qo‘llanildi.

Fuqarolar tomonidan pasport-viza tartibi qoidalariga amal qilishini ta'minlash, qonun buzish holatlarini oldini olish maqsadida, o‘tkazilgan “pasport-viza” tadbiri davomida, 553 nafar fuqarolar vaqtinchalik ro‘yxatga turish qoidalarini buzganligi, 68 nafar fuqarolar noqonuniy yashash uchun sharoit yaratib berganligi holati aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy ta'sir choralari ko‘rildi. Bu haqda Toshkent Shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

Muqaddam sudlanganlar, profilaktik hisobda turuvchilar o‘rtasida ham profilaktik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 804 nafar muqaddam sudlangan shaxslar, 1062 nafar ichki ishlar idoralarining profilaktik hisobida turgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazildi. 

Joylarda o‘tkazilgan reydlar, uchrashuvlar va muloqotlar davomida aniqlanayotgan muammolar tahlil etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab borilmoqda.

Top