19:40 / 10.03.2017
7433

Butunjahon antidoping agentligi vakillari O‘zbekistonga keldi

9-10 mart kunlari Toshkent shahriga Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Milliy va Mintaqaviy antidoping tashkilotlari bilan aloqalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Tom Mey va ushbu tashkilotlar bilan aloqa bo‘yicha menejyeri Frantsisko Leon tashrif buyurishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Farxod Turdiyev va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov kutib olgan. 

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va Butunjahon antidoping agentligi (WADA) 2003 yilning fevralida Antidoping Kodeksi tashkil etilgani haqida rasman e'lon qilgan va bu haqda barcha Milliy olimpiya qo‘mitalariga xabar yo‘llagandi. Keyinchalik, butun dunyodagi Milliy olimpiya qo‘mitalari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi va mazkur muhim hujjatni imzolashga tayyor ekanliklarini bildirishdi. 

2003 yilning 3-5 mart kunlari Kopenhagen shahrida bo‘lib o‘tgan sportda dopingga qarshi kurash mavzusidagi Konferentsiyada Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro sport federatsiyalari va qator Milliy olimpiya qo‘mitalari vakillari ishtirokida antidoping Kodeksi rasman qabul qilingan bo‘lib, u Butunjahon antidoping agentligining dopingga qarshi kurashish masalasida aytish kerakki, birinchi yirik hujjatiga aylandi. 

Mazkur Kodeks antidoping siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan holda sportda dopingga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy hujjat hisoblanadi. Bugungi kunda 626ta xalqaro tashkilotlar va 205ta Milliy olimpiya qo‘mitalari ushbu Kodeksni imzolab, uni rasman tan olishgan. Butunjahon antidoping Kodeksi dunyodagi barcha antidoping dasturlarini boshqaruvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Kodeks doirasida har bir mamlakat maxsus tadqiqotlar va testlar o‘tkazish, natijalarni tahlil etish kabi faoliyatni olib borishi shart. 

Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Markaziy Osiyo Mintaqaviy antidoping tashkiloti ko‘magida mazkur dasturlarni amalga oshirish va xayotga tadbiq etish uchun mas'ul hisoblanadi. Milliy va Mintaqaviy antidoping tashkilotlari vakillarining Toshkentga tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlari bilan uchrashish bo‘lib, O‘zbekistonda Milliy antidoping tashkilotini tuzish imkoniyatlarini muhokama qilish edi. 

Oxirgi paytda O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydonda erishayotgan natijalari yuksalib borayotganini hisobga olib va ayniqsa so‘nggi Olimpiya o‘yinlaridagi o‘zbek sportchilarining zafarli yurishlaridan so‘ng Butunjahon antidoping agentligi (WADA) mamlakatimizda ham mustaqil Milliy antidoping tashkilotini tuzish tashabbusi bilan chiqmoqda. O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu tashabbusni qo‘llab quvvatlashdi. 

Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilaridan tashqari shuningdek, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi rahbarlari va yetakchi mutaxassislari ham ishtirok etishdi.

Mavzuga oid
Top