16:01 / 10.03.2017
27876

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonga qaytishi mumkin

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston bilan hamkorlikni tiklash imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda bankdagi manbasiga asoslangan holda Reuters agentligi xabar bergan.

Agentlik manbalarining ma'lum qilishicha, 8 mart kuni YeTTB direktorlari kengashi ushbu masalani ko‘rib chiqqan.

«Bu O‘zbekiston uchun yaxshi signal bo‘lishi mumkin», — degan manbalardan biri.

Mart oyi oxirida YeTTB prezidenti Suma Chakrabarti O‘zbekistonga tashrif buyurishi va bu hamkorlik tiklanishidagi muhim qadamga aylanishi mumkin.

Fevral oyining birinchi yarmida YeTTBning Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha ijroiy direktori Natalya Xanjyenkova boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifini amalga oshirgandi.

Bank yetakchi mutaxassislaridan iborat 10 kishilik delegatsiya Toshkentda 5 kun davomida bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va boshqa vazirlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ma'lumot uchun, YeTTB Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi postsotsialistik o‘lkalarini bozor iqtisodiyotiga o‘tkazishda yordam berish maqsadida 1991 yilda ta'sis etilgandi.

YeTTB bugungi kunga qadar Markaziy Osiyodagi davlatlarga 12 milliard dollardan ko‘proq sarmoya kiritgan. 1992-2007 yillar davomida bank O‘zbekistonga kiritgan sarmoya miqdori 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan.

Hozirgi kunda YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati umumiy hisobi 8 million dollarlik bor-yo‘g‘i 5ta loyihani qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid
Top