17:20 / 10.03.2017
17537

Prezident «Buxoro-Miskin» temiryo‘li qurilishi bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida «Buxoro—Miskin» temiryo‘l qurilishining borishi bilan tanishdi.

O‘zA xabarida aytilishicha, ushbu temiryo‘l uzunligi 350 kilometrdan ziyod bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 283 million dollarni tashkil etadi.

«Buxoro—Miskin» yo‘nalishi bo‘yicha quriladigan temiryo‘lda 8 temiryo‘l stansiyasi va razezdlar barpo etish belgilangan.

Prezident Buxoroda yangi «Afrosiyob» poyezdi imkoniyatlari bilan ham tanishgan.

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida yangi «Afrosiyob» elektropoyezdining imkoniyatlari, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

Yangi zamonaviy elektropoyezd oldingilariga qaraganda keng imkoniyatga ega. Xususan, shu vaqtga qadar harakatlanayotgan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlar 215 yo‘lovchi sig‘imiga ega bo‘lib, ikkita VIP, ikkita «biznes» va ikkita «ekonom» toifali vagonlardan iborat. Yangi poyezd 287 yo‘lovchi sig‘imiga ega. Unda «ekonom» toifali vagonlar soni ikkita ko‘p.

«Tez kunlarda zamonaviy elektropoyezdning ikkinchisi ham olib kelinadi. Poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish barobarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, 15 mashinist va 50 ga yaqin vagon kuzatuvchisini ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan», — deyilgan O‘zA xabarida.

Top