17:45 / 10.03.2017
13049

Prezident O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasida. «Bunday korxonalarni ko‘paytirishimiz kerak»

Prezident Buxoro viloyatiga tashrifi davomida aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bir qancha loyihalar bilan tanishmoqda. 

O‘zA xabariga ko‘ra, davlat rahbari Buxoro shahridagi «Buxoro brilliant silk» O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘ldi. 

2010 yilda tashkil etilgan, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada pilla qayta ishlanib, turli o‘lcham, ko‘rinish va rangdagi matolar tayyorlanmoqda. Bunda buyurtmachi taklifi va bozor talabi asosida ish tutilmoqda.

Hozir bu yerda «Bahor», «Yomg‘ir», «Yulduzlar» kabi o‘nlab ko‘rinishdagi matolar ishlab chiqarilmoqda. Matoga bosilgan gullarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning rangi o‘chmaydi, suv va quyosh nuriga chidamli.

Ipak matolar ekologik toza, har qanday iqlimga mos. Mahsulot buyurtma asosida Farg‘ona, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 

Ayni paytda «Buxoro brilliant silk» qo‘shma korxonasining ipak tolalari xorijda xaridorgir hisoblanadi. O‘tgan yili korxonaning Eron, Vetnam, Turkiya, Hindistonga qilgan eksport hajmi qariyb 2,5 million dollarga teng bo‘ldi. 

Prezident korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. 

«Bunday korxonalarni ko‘paytirishimiz kerak», degan prezident.

U bu korxonalar uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish lozimligini qayd etgan. 

Top