16:27 / 10.03.2017
10147

Toshkent shahrining Mirobod tumanida telefon o‘g‘irlagan kissavur 8 yilga qamaldi

Kissavur, deganda avvalo ko‘z oldimizga avtobuslarda fuqarolarning pulini yoki buyumlarini o‘ziga sezdirmay olib, o‘g‘irlik qilib yurgan shaxslar keladi. Bunday holatlar qachon avj oladi? Qachonki, odamlar bir-birlariga befarq bo‘lsalargina kissavurlarning tegirmoniga suv quyiladi. Agarda bunday o‘g‘irliklarga guvoh bo‘lib, unga nisbatan tegishli choralar ko‘rilsa, o‘z-o‘zidan bu kabi holatlar barham topib ketadi.

"Huquq" gazetasining yozishicha, Sohib Jo‘rayev (ism-familiyalari o‘zgartirilgan) ilgari sudning hukmi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, mast holatda, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida ko‘cha “sayr”iga chiqadi. 

U oldindan reja qilib, yo‘nalishda yuruvchi avtobuslardan biriga o‘tiradi va o‘ziga “o‘lja” qidira boshlaydi. Uning e'tiborini voyaga yetmagan Z.Xaldarovning sumkasi yon cho‘ntagidagi bahosi 520 ming so‘mlik uyali aloqa telefon apparati tortadi. Kissavur egasiga sezdirmay, telefonni olib qo‘yadi. Avtobus keyingi bekatga yetganida esa tushib, voqea joyidan yashirinmoqchi bo‘ladi. Yaxshiyamki, avtobusdagi bir fuqaro bu jarayonga befarq bo‘lmagan ekan. Odamlarning ogohligi bois Sohib Jo‘rayev ashyoviy dalil bilan ushlanadi.

Sud hukmi bilan S.Jo‘rayevga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

Top