16:37 / 11.03.2017
10067

Erdo‘g‘an Moskvaga katta va kichik g‘alabalar uchun keldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiyada 10 mart kuni tashrif bilan bo‘ldi. Moskvadan u pullar, tushunish va kelajakni olib keldi.

Pullar

Tashrif atigi bir kun davom etgan bo‘lsada, muzokaralardagi kun tartibi juda ham keng bo‘ldi. Diplomatlar, iqtisodchilar va harbiylarning tinimsiz mehnati tufayli barcha masalalar bo‘yicha o‘zaro tushunishga erishildi. Bu Erdo‘g‘anni to‘la qanoatlantiradi, u Moskvaga maksimal darajadagi g‘alabalarni qo‘lga kiritish uchun kelgandi. "Turkiyada yaqinda prezident vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha konstitutsiyaviy referendum o‘tkaziladi, hamda Turkiya rahbariga kichik va katta muvaffaqiyatlar kerak. U buning evaziga ko‘plab ovozlarni qo‘lga kiritishni mo‘ljallagan", - deya aniqlik kiritdi Diplomatik akademiya dotsenti, Sharqshunoslik tadqiqotlari markazi direktori Vladimir Avatkov RIA Novostiga.

Aftidan, iqtisodiy masalalar juda oson yechim topdi. Erdo‘g‘an Moskvaga barcha sanksiyalarni bekor qilish maqsadida keldi. Ular Anqaraga Moskva tomonidan 2015 yilning oxirida Su-24'ga hujumdan keyin kiritilgandi. "Rossiyada bo‘lgan firma va kompaniyalar barcha sanksiya va cheklovlar ozod etilishi kerak", - dedi Turkiya prezidenti. "Ikki mamlakat prezidentlarining siyosiy xohishiga qaramay, cheklovlarni olib tashlash jarayoni cho‘zilmoqda. Biz jarayonlar yakuniga yetishni kutdik, biroq hozirda masala yakuniy ravishda hal etishidan umidvormiz", - deya aytib o‘tgan iqtisodiyot vaziri Nihat Zaybekchi. Vladimir Avatkovning so‘zlariga ko‘ra, tashrifdan avval aynan sanksiyalar masalasi Turkiya OAVda keng ko‘tarilgandi.

Erdo‘g‘anga rad etish oson bo‘lmadi – shundoq ham Kreml qishloq xo‘jalik sanksiyalarini olib tashlashni juda paysalga soldi. Natijada Putin Turkiya yetakchisining pozitsiyasi bilan qo‘shildi. Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Anqara Su-24 bilan bog‘liq vaziyatdan so‘ng kelib chiqqan barcha tushunmovchilikni ortda qoldirishgan. Yaqin orada Turkiya meva-sabzavot mahsuloti importiga barcha cheklovlar, shuningdek Turkiya qurilish kompaniyalari xodimlariga viza olish uchun qo‘yilgan taqiqlov olib tashlanadi. Xursand bo‘lgan Erdo‘g‘an esa yana o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmi 100 milliard dollarga qadar oshishi haqida gapirdi. Rossiya prezidenti esa hamkorlikning yangi istiqbollari haqida to‘xtalib o‘tdi, xolos.

Suriya masalasi

Tashqi siyosiy masalalar bilan vaziyat ancha qiyinroq. Aftidan, Erdo‘g‘an va Putin barcha – Tog‘li Qorabog‘dan tortib, Yevropa muammolariga qadar bo‘lgan diplomatik masalalarni muhokama qilishdi, biroq Suriya va Eron bosh mavzu bo‘lgan.

Suriya masalasida Moskva va Anqara o‘zaro tushunish bo‘yicha yuqori darajaga erishishdi. Biroq har ikki tomonda bu mamlakatning kelajagi bilan bog‘liq qarama-qarshiliklar ham bor.

"Turkiya uchun Suriya masalasidagi eng og‘riqli nuqta kurdlardir. Anqara muxtoriyatning barcha ko‘rinishiga qarshi hamda barcha kurdlar tuzilmalarini – terrorchilik, deb atamoqda", - deydi Vladimir Avatkov. Moskvaning pozitsiyasi esa boshqacha – Kreml kurdlar bilan mintaqaviy masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor, ularni Jyeneva muzokaralariga qo‘shish tarafdori va Suriyada ularning madaniy muxtoriyatiga unchalik qarshi emas.

Avatkovning so‘zlariga ko‘ra, Suriya masalasida tushunish Moskva va Anqara bu masala kun tartibining boshqa bandlari borasida kelishib olishsagina, ro‘y beradi. "Turkiya Suriya prezidentiga ishonchsizlik bildirishda davom etmoqda. Anqara Asadning o‘rniga sunniylar kelishi va ular Turkiya bilan bir qator masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishiga umid qilmoqda", - deya aniqlik kiritdi ekspert. Aftidan, Suriya kelajagini aniqlashtirish keyingi muzokaralarda asosiy mavzu bo‘ladi va bu nafaqat Rossiya-Turkiya, balki Rossiya-Turkiya-Eron muzokaralarida asosiy masalaga aylanadi.

Eron

Bu yerda o‘ta muhim bir jihat bor. Ma'lumki, Isroil va AQSh Eronga qarshi mintaqaviy blok tashkil etish niyatida. Erdo‘g‘anning Moskvaga tashrifidan bir kun avval Rossiya poytaxtiga Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu keldi va Putinni “Suriyadan Eronni chiqarib tashlash” o‘yinida qatnashishga ishontirmoqchi bo‘ldi. U Putinni ishontira olmagan bo‘lsa ham, Anqara bilan nazariy jihatdan hammasi yengilroq ko‘chadi. Eron Turkiya bilan har doim mintaqadagi yetakchilik uchun raqobatchilik qilgan va Anqara Suriyadagi urushni bu mamlakatni Eronning ta'siridan olib tashlash maqsadida qo‘llab-quvvatlagandi. Balki masalaga yangi qarash bilan yondashish kerakdir?

Bu Turkiyaga ayni damda unchalik ham yaxshi emas. Birinchidan, Vladimir Avatkovning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘anni Suriya muammosini hal etishda Rossiya-Turkiya-Eron shakli to‘la qanoatlantiradi. Haqiqatdan ham, Turkiya so‘nggi bir necha yilda juda ko‘p xatolar qildi va unga Yaqin Sharqda o‘z manfaatini himoya qilish uchun sheriklar kerak. Biroq ularni qayerdan topish mumkin?

Yaqinda ro‘y bergan Turkiya-Germaniya mojarosi Yevropa Ittifoqiga Turkiya kerak emasligini ko‘rsatdi. Amerikaliklardan umid yo‘q - Donald Tramp kurdlarni himoya qilishga tayyor. AQSh suriyalik kurdlar avvaliga Raqqani egallashi, so‘ngra Amerikaning Suriya, Turkiya va Eron ishlariga ta'sirida katta o‘rin tutishlarini istamoqda. Anqara va Isroil o‘rtasidagi hamkorlik haqida gapirish juda qiyin – ha, yaqinda tomonlar yarashib olishdi, biroq Erdo‘g‘an Falastinni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, shuning uchun tomonlar o‘rtasida yana yangi mojarolar kelib chiqishi mumkin.

Faqatgina Rossiya va Eron, Rossiya-Eron-Turkiya uchligi qolmoqda. Ha, Erdo‘g‘an bu uchlikni buzishi va G‘arbning Eronga qarshi kampaniyasida ishtirok etishi borasida ehtimollar ham yo‘q emas. Biroq prezident yagona bo‘lib turgan sheriklari bilan ixtilofga kirmasligi kerak.

Top