08:19 / 12.03.2017
35602

Farzandlarini pullamoqchi bo‘lgan berahm onalar qo‘lga olindi

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda ikki ayolning o‘z farzandlarini sotishga urinishlarining oldini olishdi. Bu haqda Sputnik Uzbekistan nashri muxbiriga MXX vakili ma'lum qildi

Ma'lumotlarga ko‘ra, Xorazm viloyati Hozarasp tumanida yashovchi 23 yoshli Poshshaxon Ro‘zimova o‘zining farzandini 1000 dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Ko‘ziga puldan boshqa narsa ko‘rinmagan ayol 4 yoshli qizchasi uchun "atalgan" pulni olayotgan vaqtda qo‘lga tushirildi. 

Shunga o‘xshash tadbir davomida shu tumanda yashovchi 22 yoshli Zubayda Xo‘jayeva qo‘lga olindi. Badbaxt ona 3 yoshli qizchasini 1500 dollarga almashib yubormoqchi bo‘lganda qo‘lga tushirildi.

Ushbu holatlar bo‘yicha ayollarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi ("Odam savdosi") bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Tergov tadbirlari davom etmoqda. 

Bugungi kunda odam savdosi dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ushbu illatning oldini olish uchun jiddiy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunning qabul qilinishi va O‘zbekiston Prezidentining "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.      

Mavzuga oid
Top