12:30 / 13.03.2017
31656

Yanvar oyidagi majlisda ishdan olingan rahbarlar o‘rniga yangilari tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining 9 fevraldagi qaroriga ko‘ra, «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi etib Abduhoshim Abdullayev tayinlangan. «O‘zeltexsanoat» kompaniyasiga esa Fazliddin Bakiyev rahbar bo‘lgan. Bu haqda hukumat portalida ma'lum qilingan.

«O‘zkimyosanoat»ning avvalgi raisi Normat Ibragimov 14 yanvar kuni o‘tkazilgan, mamlakatni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tanqidga uchrab, ishdan olingandi.

Xuddi shu majlisda «O‘zeltexsanoat» kompaniyasi rahbari Erkin Iminov ham o‘z lavozimidan ajralgandi.

Abduhoshim Abdullayev (1950 yili tug‘ilgan) 2008 yildan buyon «Farg‘onaazot» kompaniyasi rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan oldin esa 2006—2008 yillarda Farg‘ona viloyati hokimi, 2005—2006 yillarda — Marg‘ilon hokimi bo‘lib ishlagan. 1992—2005 yillarda esa Farg‘ona «Azot» kompaniyasida avval direktor o‘rinbosari, keyinroq bosh direktor lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Abduhoshim Abdullayev.
Foto: uzkimyosanoat.uz

Fazliddin Bakiyev (1969 yilda tug‘ilgan) 2007 yildan Vazirlar Mahkamasida faoliyat yuritib, 2013 yildan makroiqtisodiy rivojlanish, tarkibiy islohotlar va xorijiy investitsiyalar jalb etish masalalari bo‘yicha yig‘ma axborot-tahlil departamenti rahbari lavozimini egallab kelgan. 1995—2005 yillarda Markaziy bankda turli lavozimlarda ishlagan. 2005—2007 yillarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

 

Top