10:32 / 13.03.2017
53102

Devon faoliyati takomillashtirildi: Yangi xizmatlar tashkil etilib, 2 kengash faoliyati tugatildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni Prezident Devoni faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini ko‘zda tutgan farmonni imzoladi.

Prezident Devoni Prezidentning axborot-tahlil va tashkiliy-nazorat organi hisoblanadi. Mazkur organ davlat rahbari tomonidan shakllantiriladi hamda bevosita unga bo‘ysinib, Prezidentga hisobot beradi.

Quyidagilar Prezident Devonining asosiy vazifalari etib belgilandi:

Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini ta'minlash;
aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning Prezidentga murojaat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlari so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Prezident tomonidan kadrlarga oid davlat siyosatini, shuningdek davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirilishini ta'minlash;
davlatning ichki va tashqi siyosati asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, O‘zbekiston suverenitetini muhofaza qilish, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta'minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
oliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining bahamjihat ishlashini ta'minlashda ko‘maklashish;
mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishini ta'minlashda ko‘maklashish;
nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi, ularga o‘z ustavlarida belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirishlariga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilishi kafolatlarini ta'minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan ularning demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurishdagi rolini oshirish borasida samarali hamkorlik qilish;
davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish holati hamda tendensiyasini tahlil qilish, uning natijalari bo‘yicha samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini o‘tkazish, ilm-fanni, madaniyatni, ta'limni, sog‘liqni saqlashni, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tuzilmalarning, shuningdek uning vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi maslahat va kengash organlarining faoliyatini tashkil etish;
Prezident faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy hamda protokol jihatidan ta'minlash;
Prezident hujjatlari va topshiriqlarining ijrosini tashkil etish va ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Prezident devonida quyidagi xizmatlar tashkil etiladi:

- O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati hamda Huquqni muhofaza qiluvchi nazorat organlari idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish xizmati tugatilib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati;
- O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining yuridik xizmati;
-O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni tegishli xizmatlarining jamoat, nodavlat tijorat tashkilotlari faoliyati masalalari bo‘yicha, yoshlarga oid siyosat bo‘yicha, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan ishlash bo‘yicha, millatlararo munosabatlar va din ishlari masalalari bo‘yicha sho‘'balari negizida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devonining Ommaviy axborot vositalari, madaniyat, san'at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati Ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat, madaniyat, san'at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati etib qayta tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini isloh qilish bo‘yicha kengash va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Islohotlar va investitsiyalar bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati tugatilgan.

Prezident Devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmatiga O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyada ko‘rsatilgan vakolatlarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi Siyosiy boshpana berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish vazifasini topshirdi. Bundan tashqari, Prezident devonining xizmatlari bilan birgalikda Xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishi O‘zbekiston Prezidenti devonining xizmatlari bilan maxsus kelishuvni talab qiladigan mansabdor shaxslarning toifasini keskin kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi lozim.

Prezident Devoni tuzilmasi

Tashkiliy-kadrlar xizmati;
Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati;
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati;
Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmati;
Ommaviy axborot vositalari, ma'naviyat va ma'rifat, madaniyat, san'at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari xizmati;
Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish xizmati;
Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati;
Ishlar boshqarmasi;
Ijro etuvchi apparat.
Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati

Mavzuga oid
Top