19:08 / 13.03.2017
13215

Urush qiymati – ekspert Suriya inqirozidan ko‘rilgan zararni hisoblab chiqdi

Foto: SANA

Suriya iqtisodiyoti 2011 yildan buyon davom etayotgan inqirozdan 300 mlrd dollarga yaqin mablag‘ni yo‘qotdi. Suriyalik iqtisodchi Hayon Salmon RIA Novostiga bergan intervyusida shu haqda so‘z yuritgan. 

Suriya urushi 2011 yil martidan davom etmoqda. O‘shanda mamlakatning janubiy Deraa viloyatida hukumatga qarshi ommaviy tartibsizliklar boshlangan edi. Mojaro oqibatida mamlakatning ayrim tumanlari noqonuniy qurolli tuzilmalar nazoratiga o‘tdi. 

"Men iqtisodiyotning bir necha sektorlarida yetkazilgan talofat o‘rni va qamrovi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdim. Shunga ko‘ra, 2016 yilga kelib, iqtisodiy idoralar ko‘rgan zarar 300 mlrd dollarga yetdi, degan xulosaga keldim", — deya bayonot bergan olim. 

Ekspertning aniqlik kiritishicha, Raqqa va mamlakat shimolidagi Idlib viloyatlari, yana boshqa ayrim tumanlarga tegishli ma'lumotlarni olish imkoni bo‘lmagani sababli, bu xulosani yakuniy deb bo‘lmaydi. 

Salmonning xotirlashicha, Suriyada harbiy harakatlar boshlanishidan avval, mamlakat o‘z-o‘zini ta'minlay olishi, ikki besh yillik natijasiga ko‘ra, o‘rtacha 5,2 foizlik iqtisodiy o‘sish hamda oziq-ovqat mahsulotlarining arzonligi bilan faxrlana olardi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya iqtisodiyotining o‘zini ta'minlay olish salohiyati tufayli inqiroz davrida davlat yirik qarzga botib qolmagan. Ekspert, shuningdek, 2017 yilni Suriya uchun ijobiy yil bo‘lishini taxmin qilmoqda. 

"Menimcha, 2017 yilda Suriyadagi o‘rtacha o‘sish ijobiy bo‘lmasa-da, nolga teng bo‘ladi. Rekonstruksiya g‘ildiragi ishga tushirildi va Suriya tez orada 2010 yilgi holatga qaytadi", — degan Salmon. 

Top