19:53 / 14.03.2017
5436

Erdo‘g‘an: YeI inson huquqlari va erkinligi ramzi bo‘lishni to‘xtatdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning aytishicha, niderlandlardan farqli o‘laroq turklarning vijdoni toza. U bu haqda 14 mart kuni Anqarada Tibbiyot kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosim chog‘ida gapirgan

«Urush vaqtida ham tibbiyot xodimlariga o‘t ochishmagan. Ammo hollandlarga qolsa, bu ishni qilishgan. 

Biz niderlandlarni va hollandlarni  Srebrenitsedagi qirg‘in orqali bilamiz. Ular 8 ming bosniyalikni qirib tashlab, o‘z mavjudliklarini yo‘qotishgan», deya qayd etgan Erdo‘g‘an. 

«Bizga kimdir madaniyat va axloqdan dars o‘tmasin.

Turkiyaning taraqqiyotga erishuvi kimlar uchundir umid bag‘ishlasa, kimlar uchundir, masalan Niderlandiya va Germaniya uchun haqiqiy dahshatdir», degan prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eski Turkiyani ko‘rishga ko‘nikkanlar bugungi Turkiyani qabul qila olishmaydi va shuning uchun yo‘lida uchragan xalqaro huquq normalarini buzib, o‘z qadriyatlarini toptamoqda.

«Anqara bir necha marta Yevropa davlatlari rahbarlariga ular fashistlar va irqchilar yo‘lidan yurmasligi kerakligi, yo‘qsa o‘zlariga jabr bo‘lishini ma'lum qildi. Afsuski, keyingi haftada ro‘y bergan voqealar bizning tashvishlarimiz o‘rinli ekanini ko‘rsatmoqda. Niderlandiya hukumatining bizning vazir Fatma Betul Sayan Kayyaga ko‘rsatgan munosabati Turkiyaga, turk xalqiga nisbatan hurmatsizligidir», - deya qayd etgan Erdo‘g‘an.

Top