18:29 / 15.03.2017
18030

Andijonda Navro‘z bayrami arafasida oziq-ovqat narxi pasaytirildi

Foto: Kun.uz

Yurtimizda yaqinlashib kelayotgan ayyom - Navro‘z bayrami shukuhi kezib yuribdi. Qutlug‘ kun arafasida shahar aholisini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta'minlash maqsadida Andijon shahrining 12 ta hududida “Ona yer saxovati” yarmarkalari ish boshladi. Shaharliklar uchun tashkil etilgan savdo pavilonlarida narx-navoning arzonligi diqqatga sazovor.   

Tashkil etilgan yarmarkalarga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashrif buyurib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi va ular uchun savdo shoxobchalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Oltinko‘l tuman mirishkorlari shaharning 1-kichik dahasida ana shunday yarmarka tashkil etib, o‘zlari yetishtirgan poliz, sabzovot, baliq va go‘sht singari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib bermoqdalar.

- Ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan mahsulotlardan kartoshkanining 1 kilosini 1800 so‘mdan, piyozni esa 1300, tovuq go‘shtini esa kilosini 10500 so‘mdan sotib oldim, - deydi Andijon shahar 1-dahada istiqomat qiluvchi Odinaxon Xolmatova. – Narxlar bozordagidan arzon ekanligi, biz shaharliklarni quvontirdi.   

– Savdo shoxobchalarimizda dehqonlarimiz tomonidan taqdim qilingan sara qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotilmoqda, – deydi Oltinko‘l tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Alijon Sharipov. Bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta'minlash maqsadida mahsulotlarimizni bozordagiga nisbatan arzon narxlarda savdoga chiqarganmiz. 

Shaharning 12 ta hududida tashkil etilgan barcha bayramoldi yarmarkalari faoliyatidan shaharliklar mamnun.   

Elmurod Ermatov, Andijon

Top