13:08 / 15.03.2017
27037

Namanganda taqiqlangan o‘yin ishtirokchilari qo‘lga olindi

- Dadasi, anavilar yana kelishdi. Yarim kechasi darvoza taqillagandi, chiqib qarasam, o‘shalar ekan, qo‘rqib ketdim. Ering qo‘limizga tushsa, kunini ko‘rsatamiz, deyishdi.

Hasan (ismlar o‘zgartirildi) o‘zi shundog‘am uxlay olmay, tonggacha to‘lg‘anib chiqqandi. Xotinining kallai saharlab qo‘ng‘iroq qilishidan ko‘ngli bir uvishib ketdi, gaplarini esa yuragini battar g‘ash qildi. “Xayriyat, xotinim, bolalarimga jabr qilishmabdi-ku” – Hasanning ko‘nglidan ana shunday o‘y o‘tdi. Biroz taskin topgandek bo‘ldi. Ammo ularning qo‘lidan har balo kelishini his qilib turardi, deb yozadi “Postda” gazetasi.

- Bugunoq biror chorasini topaman, o‘zingni, bolalarni ehtiyot qil, - dedi xotinini tinchlantirib.

Hasanning xavotiri o‘rinli edi. Chunki Botir va Ilhomning dag‘dag‘asi uni qo‘rqitib qo‘ygandi. Ular o‘z uyiga yoki boshqa xilvat joylarga odam to‘plashar, katta miqdorda pul tarqatib, qimor o‘ynatishardi. Har bir o‘yindan “cho‘tal”, ya'ni qarzga bergan pullari evaziga ulush olishni o‘zlariga kasb qilishgan edi. 

...O‘sha kungi o‘yinda dastlab Hasanning omadi chopdi. Keyin esa pullarining barchasini yutqazib, ulardan yana qarz so‘rashga majbur bo‘ldi. Yutaman deb o‘ylagan edi, ammo olgan qarzlarini ham boy berdi.

- Yana ozroq berib turinglar, bu gal albatta yutaman, ko‘nglim sezyapti.

- Avval olgan ikki yarim millioningizni qaytaring, keyin qarz beramiz, - deyishdi ular.

Hasan noiloj uyiga jo‘nadi. Belgilangan muhlat kelsa ham qarzini to‘lay olmadi. Endi Botir bilan Ilhom har kuni uyiga kelib dag‘dag‘a qilar, qarzni bermasang yo‘q qilib yuboramiz, deb qo‘rqitishardi. Chorasiz qolgan Hasan biror yo‘lini topish ilinjida qishloqdan shaharga yo‘l oldi. Tanish-bilishlaridan qarz so‘radi. Lekin oradan ikki-uch kun o‘tdi hamki, hech qayerdan pul topolmadi. Bu orada xotini har kuni qo‘ng‘iroq qilar, Botir va Ilhom kelganini, tahdid qilib ketganini aytardi. Hasan esa qimor o‘ynagani uchun ich-ichidan pushaymon bo‘lar, ba'zan o‘zidan ham nafratlanib ketardi...

Hasan oilasidan, bolalaridan xavotir olib shu kuniyoq uyiga jo‘nadi. Hali bir piyola choy ichishga ham ulgurmagan edi, darvoza taqilladi. Tashqariga chiqdi-yu, rangi-quti o‘chdi.

- Pul topdingizmi?!

- Topaman, biroz muhlat beringlar, albatta, qaytaraman.

- Endi bizni ahmoq qilolmaysiz, nima sizga yosh bolamizmi?! O‘ynaganingizdan keyin pulni ham to‘lab qo‘ying-da!

Botir shunday deb hovlida turgan yog‘ochni qayta ishlash dastgohining yoniga keldi.

- Mana buni olib ketamiz.

- Agar shu bilan tinchlansanglar men roziman.

Botir bilan Ilhom dastgohni qismlarga ajratmoqchi bo‘lishdi-yu, uddalay olishmadi. Shundan so‘ng Botir asabiylasha boshladi. Hasanning yoqasidan ushlab, pullarni top, deb baqirdi. Qo‘rqib ketgan Hasan bir siltanib uning qo‘lidan chiqdi-yu, oshxona tomonga yugurdi. Bir zumda qo‘lida oshpichoq bilan Botirga yaqinlashdi.

- Uyimdan chiqib ketinglar! Pullaringni qaytaraman dedim-ku, yana nima kerak?!

Uning vajohatini ko‘rgan Botir va Ilhom tashqariga qochib chiqdi. Mashinaga o‘tirar ekan, muhlatni yana bir kunga cho‘zishdi.

- Ertagacha. Boshqa bahona o‘tmaydi, agar topolmasangiz o‘zingizdan ko‘ring.

Hasan uyiga kirib, xotinini tinchlantirdi. So‘ng tashqariga chiqdi, atrofga olazarak qaradi. Botir va Ilhomning ketganiga to‘la ishonch hosil qilgach, ichki ishlar idorasiga yo‘l oldi. Bo‘lgan voqealarni batafsil aytib berdi. Murojaat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Ertasi kuni Botir qo‘ng‘iroq qilib, pullarni so‘radi.

- Hozircha bir million topdim, - dedi Hasan. – Biror joyda ko‘rishsak berib yuboraman, qolganini ham tez orada qaytaraman.

- Men bir ish bilan yurgandim, yoningizga Mishani yuboraman.

Hasan Botir aytgan joyga borib, uning hamtovog‘ini kuta boshladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, Misha keldi. Hasandan bir million pulni sanab olayotgan paytda tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Jinoyat ko‘chasidan topgan pullariga kayfu safo qilib yurgan Botir va Ilhom dastlab qilmishini tan olmay turli bahonalar topishga urindilar. Ammo guvohlar va boshqa ashyoviy dalillar oldida chorasiz qolishdi.

Mavzuga oid
Top