16:29 / 16.03.2017
9814

Boks bo‘yicha Osiyo chempionati mezbonligiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Joriy yilning 30 aprel – 7 may kunlari Toshkent shahri boks bo‘yicha Osiyodagi eng nufuzli musobaqa - kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi.

13-15 mart kunlari Osiyo boks konfederatsiyasi va Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi vakillaridan tarkib topgan delegatsiya Toshkent shahriga tashrif buyurib, mamlakatning nufuzli musobaqani tashkil etish imkoniyati va salohiyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda nufuzli musobaqani yuksak darajada o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro sport tashkilotlari delegatsiyasi vakillari tomonidan yuqori baholandi.

Osiyo boks konfederatsiyasi va Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi vakillari tashrif davomida Toshkent shahrida joylashgan musobaqaga mezbonlik qiladigan sport inshootlari, mashg‘ulotlar uchun mo‘ljalangan zallar, mehmonxonalar sharoitini o‘rgandi.

Shuningdek, Osiyo chempionatini ommaviy axborot vositalarda keng yoritishni tashkil etish, sportchi, murabbiy, mutaxassis, mehmonlarga transport va mehmonxona, ovqatlanish xizmatlarini yuqori saviyada amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston boks bo‘yicha Osiyo chempionatlarini tashkil qilish bo‘yicha boy tajribaga ega. Toshkent shahri 1995 va 1999 yillari qit'aning eng kuchli bokschilari ishtirokidagi Osiyo chempionatini o‘tkazgan.

2005 yili esa o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati tashkil etilgan.

30 aprel – 7 may kunlari Toshkent shahrida bo‘ladigan Osiyo chempionati qit'a bokschilari uchun 2017 yilda Germaniyaning Hamburg shahrida bo‘ladigan boks bo‘yicha jahon chempionatiga asosiy saralash bosqichi vazifasini o‘taydi.

Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi osiyolik charm qo‘lqop ustalari uchun jahon chempionatiga 60ta yo‘llanma ajratgan. Toshkentdagi Osiyo chempionatida qatnashadigan bokschilar sovrinli o‘rinlardan tashqari ana shu litsenziyalar uchun ham o‘zaro raqobatlashadi.

Mavzuga oid
Top