11:42 / 16.03.2017
9832

Germaniya moliya vaziriga pochta orqali bomba jo‘natishdi

Germaniya moliya vaziri Volfgang Shoyble pochta orqali portlovchi modda joylashtirilgan paket qabul qildi. Bild xabariga ko‘ra, bu jo‘natma Gretsiyadagi "Milliy demokratiya" muxolif partiyasi raisi o‘rinbosari Adonis Georgiadisning Afinadagi ofisidan yo‘llangandi

Simlari chiqib turgan shubhali posilka chorshanba kuni vazirlikka kelib tushgan. Politsiya vazirlik binosidan xodimlarni evakuatsiya qilgan va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislar chaqirilgan.

Ekspertlar xavfli topilmani Berlin shahri tashqarisidagi portlashlarni amalga oshirish hududiga olib ketgan va uning tarkibini o‘rganishga kirishgan. 

Paketda portlovchi qurilma va pirotexnika buyumlarini tayyorlashda ishlatiladigan aralashma borligi aniqlangan. Bunday qurilma posilka ochilgan taqdirda ishlab ketishi mumkin bo‘lgandi. 

Gretsiyalik siyosatchi bu posilka Afinadan jo‘natilganini tasdiqlagan.

"Afsuski, bu to‘g‘ri va bu sira ham kulgili emas", deya yozgan u. U o‘zi terrorchilar nishoniga aylanib qolganini qayd etgan.

Chorshanba kuni unga tegishli kitob do‘konida qo‘lbola bomba portlagandi.

Ayni vaqtda Germaniya huquq-tartibot idoralari mazkur holat yuzasidan tekshiruvni boshladi. 

Ma'lumot uchun, 1990 yilda IIV rahbari vazifasida bo‘lgan Volfgang Shoyblega suiqasd uyushtirilgan, natijada siyosatchi jiddiy jarohatlanib, nogironga aylangandi. U hozirda nogironlar aravachasida harakatlanadi.

Mavzuga oid
Top