12:41 / 16.03.2017
49245

Qoidabuzarliklarni qayd etish tizimi ishga tushdi: Toshkentda tirbandliklar

Toshkentda yo‘l harakati qoidalari buzilishini kameralar yordamida qayd etish tizimi ishga tushirildi, bu poytaxtning markaziy qismida ko‘p sonli tirbandliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi, deb yozadi Sputnik nashri.

Muxbirlar poytaxtning eng serqatnov ko‘chalarida bo‘lib, haydovchilarning YHQga amal qilish bo‘yicha munosabati o‘zgargani bilan qiziqishdi. Kuzatuvlarga ko‘ra, bu darrov amalga oshdi deyish mushkul, biroq vaziyat yaxshilana boshlagani aniq.

Ko‘pchilik haydovchilar endilikda svetofordagi yonib turgan yashil yoki sariq chiroqdan katta tezlikda o‘tib ketishga harakat qilishmayapti. Svetoforlarda orqada turgan avto haydovchilarining sariq chiroq yonishi bilan tinimsiz signal berishlari ham asta-sekin ortda qolmoqda.

Ko‘plab haydovchilar to‘xtash chizig‘iga yetmay mashinani to‘xtatishga alohida e'tibor bera boshladi. Biz ikki kun ichida shahar markazida aylanib yurib, shuning guvohiga aylandikki, stop-chiziqdan o‘tib ketgan taxminan 20 mashina uchradi, xolos. Shu bilan birga, surbetlik bilan qoidani buzishda davom etganlar, qarama-qarshi yo‘ldan to‘xtab turgan mashinalarni aylanib o‘tayotganlar va o‘zlari istagan yerdan burilayotganlar ham uchradi. Aftidan, bu kishilar kameralar ishga tushirilganidan bexabar qolishgan. Shunisi qiziqki, haydovchilarning o‘ta ehtiyotkorligi shahar markazida katta tirbandliklarni keltirib chiqardi. Ayniqsa bu Markaz-5, “Panorama” kinoteatri, “Bunyodkor” stadioni, Shuhrat va “Minor” metrosi chorrahasi, “Poytaxt” biznes-markazi yonida juda ko‘p kuzatildi.

Sababi oddiy – haydovchilar shahar bo‘ylab harakatlanish tezligini pasaytirishdi, shuningdek svetoforning sariq va qizil chiroqlaridan o‘tib ketish holatlari kamaydi, bu umumiy trafikni biroz to‘xtatdi, biroq uni xavfsiz qildi.

Bugun tizim ishlashining birinchi kuni ham poytaxt yo‘l xizmati hodimlari yo‘llarga belgilar chizishda davom etishdi. Masalan, YHXBB inspektorlari Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi yonidagi yo‘lni ma'lum muddatga yopib qo‘yishdi. Poytaxt yo‘llaridagi xavfsizlikka yo‘naltirilgan bu jarayon tezroq samara berishini kutib qolgan bo‘lardik.

Top