12:54 / 16.03.2017
41082

O‘zbekiston xalqaro turizm ko‘rgazmasida barchani lol qoldirmoqda (foto, video)

Moskva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “MITT – 2017” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati namoyish qilinmoqda. 

O‘zAning O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga asoslanib ma'lum qilishicha, “MITT – 2017” xalqaro ko‘rgazmasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Central Asia Travel”, “Marco Polo CAT”, “Compass Tour”, “Azimut Samarkand Travel”, “Oriental Tales”, “Shahriyor-Tur” kabi sayyohlik kompaniyalari ishtirok etmoqda. 

185 mamlakatdan ikki mingga yaqin sayyohlik firma va kompaniyasi vakillari, ekspert va mutaxassislar qatnashayotgan ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. 

O‘zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2016 yilgi yarmarkada O‘zbekiston milliy stendi “Eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti” maqomiga sazovor bo‘lgan edi. 

Bu gal ham “O‘zbekiston” milliy stendi o‘ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko‘rgazma ishtirokchilari e'tiborini tortmoqda. Unda mamlakat tarixiy obidalari, o‘zbek xalqining milliy an'ana va qadriyatlari aks etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlarning diqqatga sazovor joylariga oid rang-barang ma'lumotlar, xalq hunarmandligi buyumlari yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. 

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvada qator tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashiladi. 

Top