20:08 / 16.03.2017
9238

O‘zbekistonda o‘sayotgan o‘simliklardan qariyb 30 xil original dorilar ishlab chiqarilmoqda

Foto: O‘zA

Shu kunlarda Vazirlar Mahkamasining “Dorivor o‘simliklar asosida dori vositalarini va biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) mahalliy korxonalarda ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda dorivor o‘simliklarni birlamchi va chuqur qayta ishlovchi 190 ta kichik va yirik korxonalar tomonidan jami 392 turdagi dori vositalari va 62 turdagi biologik faol qo‘shimchalar ro‘yxatdan o‘tkazilib, 15,11 million qadoq biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarilib sotuvga chiqarildi.

Mahalliy dori vositalari haqida so‘z ketar ekan, O‘zbekiston hududida o‘suvchi dorivor o‘simliklar asosida tayyorlanadigan original dori vositalari to‘g‘risida so‘zlab o‘tish joizdir.

Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Bioorganik kimyo instituti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti, shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va O‘zbekiston kimyo farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti tomonidan sohaning dolzarb muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilayotganligini ta'kidlab o‘tish joiz.

Ular tomonidan so‘nggi 20 yil mobaynida mahalliy xom ashyolar asosida yaratilgan 30 ga yaqin original dori vositalari tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilib, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarish joriy etilgan.

Davlatimiz rahbariyati tomonidan farmatsevtika sanoati korxonalariga ham qator imtiyozlar berilishi soha rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 16 sentabrdagi “2016-2020 yillarda respublikada farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2020 yilgacha bo‘lgan davrda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha jami 67 ta investitsion loyihalar ijrosi rejalashtirilgan. 

Bo‘stonliq, Zomin, Boysun tumanlarida va Sirdaryo viloyatida erkin iqtisodiy zonalarning tashkil etilayotganligi mahalliy farmatsevtika sanoatining yanada rivojlanishi, ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning turi va hajmining oshib borishi hisobiga dori ta'minotini yanada yaxshilashda muhim o‘rin tutadi.

Top