16:44 / 16.03.2017
13484

Vazirlik: 2017 yilda mahalliy dori vositalarining narxi 8 foizdan 44 foizga pasaydi

Bugun, 16 mart kuni Toshkent shahridagi matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan "Aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlash tibbiyot tizimida o‘tkazilayotgan islohotlarning bosh maqsadlaridan biridir" mavzusidagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlarining 2016 hamda 2017 yillar uchun qiyosiy jadvali mahalliy dori vositalarining narxi 8 foizdan 44 foizga pasayganligini ko‘rsatishi qayd etildi. Shunday ekan, O‘zbekiston aholisi endi mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarni sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘layotgani ta'kidlandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘ribosari Hojiboyev Abduhakim Mo‘minovich

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol ravishda buzilsa, ularga nisbatan qat'iy jazo qo‘llash va hatto litsenziyadan mahrum qilish ko‘zda tutilgan.

Iste'molchilarda mamlakatimizdagi mavjud dorixonalardagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati va narxi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha hal etilmagan muammo, ariza, shikoyat yoki takliflar bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu yo‘nalishda tashkil qilingan (0371) 242-84-16 raqamli Ishonch telefoni orqali murojaat qilishlari mumkin. Har bir murojaat O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqiladi, nazoratga olinadi qa qonun doirasida hal etiladi.

 

Foto: Kun.uz

Shuningdek 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha dorixonalarning "iste'molchi burchagi"da bo‘lishi majburiy eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari hamda shu narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 hamda 2017 yillar uchun qiyosiy jadvali ilindi.

Foto: Kun.uz
Top