23:34 / 18.03.2017
108766

Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilmoqda

17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar bir qator qonunlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalarni muhokama qilishgan.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111, 112-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisning kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda har tomonlama o‘rganib chiqilgan edi.

Parlament a'zolari sud tizimi benuqson ishlashi kerakligini ta'kidlashgan. 

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunga va bir qator protsessual kodekslarga kiritilayotgan, yangidan tashkil etilayotgan ma'muriy va iqtisodiy sudlarning tegishli huquqiy bazasini yaratishi, shu bilan birga qabul qilingan sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishga doir bir-birini takrorlovchi instansiyalarni chiqarib tashlagan holda ishlarni ko‘rib chiqish tartibini soddalashtirishi lozim bo‘lgan o‘zgartish va qo‘shimchalar aynan shunga qaratilgan», deyilgan xabarda.

Deputatlar tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilingan. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlariga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash siyosatini amalga oshirayotgan, sud kadrlarini tanlash va joylashtirish uchun mas'ul organ deb hisoblanar edi. Bunda Komissiya, aniq huquqiy maqomga ega bo‘lmagan holda, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirar edi, sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlarni qo‘zg‘atish, sudyalarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari tashabbusi bilan chiqish yuzasidan vakolatlarga ega bo‘lmagan. Mazkur qonun ushbu kamchiliklarning o‘rnini to‘ldirishga va o‘ziga konstitutsiyaviy organ maqomi ham berilib, tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

O‘tgan oylar davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari qabul qilingandi.

Majlis davomida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganidan so‘ng yagona oliy organ – Oliy sud rahbarligida sudlar faoliyatining, ma'muriy sud ish yurituvi hamda xo‘jalik ish yurituvining o‘rniga – iqtisodiy ish yurituvining mustahkam huquqiy asoslari yaratilishi ta'kidlab o‘tilgan.

Deputatlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq siyosiy partiyalarning 2016 yilda o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitgan, ushbu masala bo‘yicha barcha siyosiy partiyalar rahbarlari so‘zga chiqishgan. Ular so‘nggi yillarda eng muhim davlat masalalarini hal etishda siyosiy partiyalarning roli va ta'siri, shuningdek ularning parlamentdagi faoliyati sezilarli darajada kuchayganini ta'kidlashgan. Bunga siyosiy partiyalarni rivojlantirish, ular faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan yaratilgan mustahkam huquqiy baza imkon bergani qayd etilgan. Deputatlar siyosiy partiyalarning moddiy-moliyaviy, tashkiliy-kadrlar, boshqa imkoniyatlari o‘z dasturiy maqsadlari va vazifalarini amalda ijro etishda katta ahamiyatga ega ekanligini, shuning uchun ularni hamma bilishi va ularning ochiq bo‘lishi juda muhimligini qayd etib o‘tishgan.

Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar siyosiy partiyalarning 2016 yilda o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma'lumot uchun qabul qilishgan.

Top