13:41 / 19.03.2017
6655

Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti Toshkentga kelmoqda

19-20 mart kunlari Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashi va Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Saboh boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ladi. As-Saboh bundan avval ham, 2015 yilning 14-15 iyun kunlarida Toshkentda mehmon bo‘lgan va o‘shanda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi bilan yaqindan tanishib chiqqandi.

Toshkentga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax hamrohligida kelgan As-Saboh O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi qurib bitkazilgan binosiga yuqori baho bergan, bu yerda yaratilgan sharoitlar, xususan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini ham olqishlagandi.

O‘sha vaqtning o‘zidayoq martabali mehmon o‘zbek sportining kelajagiga yuksak ta'rif berib, hali O‘zbekiston sportchilari jahonning eng nufuzli musobaqalari - Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit'a chempionatlarida yuksak cho‘qqilarni zabt etishlariga aslo shubhasi yo‘qligini ta'kidlab o‘tgandi.

Oradan bir yil o‘tib o‘zbekistonlik sportchilar Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakat sporti tarixida eng yaxshi natijani qayd etib, 13ta medalga sazovor bo‘ldi. O‘zbek bokschilari esa Olimpiya o‘yinlarida 7ta medal bilan birinchi o‘rinni egallashdi.  

"Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va butun dunyo Olimpiya harakati yetakchilarini O‘zbekiston delegatsiyasining bu natijasi aslo hayratlantirmadi. Boisi aytib o‘tganimizdek, mamlakatimizda sport taraqqiyoti va Olimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida olib borilgan ulkan hajmdagi ishlar kun kelib albatta o‘z samarasini berishi kerak edi. Bir so‘z bilan aytganda bu kutilgan holat edi. Shunchaki Xalqaro Olimpiya tashkilotlari rahbarlarining taxmini o‘zini oqladi xolos", deyilgan MOQ matbuot xizmati xabarida.

As-Saboh O‘zbekistonga amalga oshiradigan bu safargi tashrifi davomida “Zangi-ota” yodgorlik majmuasini ziyorat qiladi. Shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Mavzuga oid
Top