13:17 / 19.03.2017
21632

“Sizdan ugina, bizdan bugina”: Yana bir firibgar jazoga tortildi

U tengilar allaqachon mashinali, uyli-joyli bo‘lib ketishdi. Hatto ota-onasiz o‘sgan sinfdoshi Mamatboy ham. Navbahorlik Sharof (ismlar o‘zgartirildi) shu haqda o‘ylab o‘tirarkan, miyasiga kelgan fikrdan birdan suyunib ketdi. «Qanday qilib tez boyish mumkin, deya o‘ziga savol berdi u. – Albatta, o‘zgalarning hisobiga-da!»

...Sharof tumandagi «Qizilrabot» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Baxtiniso Samadovaga o‘zini nufuzli idora rahbariman deb tanishtirdi. Uning o‘g‘li Ahmadni o‘zi yashaydigan xonadonga doimiy yashash uchun ro‘yxatga qo‘yib, ishga joylashtirishni va'da qildi.

– Endi o‘zingiz bilasiz, opa, – salmoqlab gap boshladi Sharof. – Sizdan ugina, bizdan bugina, deganlariday... 

– Tushundim, tushundim. Qanday xizmat bo‘lsa, biz tayyormiz. Faqat shu o‘g‘lim – yolg‘iz ishonganim, uning ishini hal qilib bersangiz, bas. Ha degani tuyaga madad, mana shu ataganimizni olib qo‘ysangiz. 

Firibgar qoshlarini chimirdi. Aftidan qog‘ozga o‘ralgan pulning cho‘g‘i uni cho‘chitib yuborgan bo‘lsa ham sirtiga suv yuqtirmadi. Ustamonlik bilan yuziga niqob taqishga ulgurdi:

– Opa, siz bozordan go‘sht sotib olayotganingiz yo‘q. O‘g‘lingizni ishga kirishini istaysizmi o‘zi?! Oling pulingizni! Sizni tushungan ayol deb gap boshlagandim. Bo‘ldi, siz bilan ishimiz bitmadi.

– Hoy, kechiring ukajon. Men... bilmasdan... haligiday deb o‘ylab¬man.

Xullas, «savdo» Sharofning foydasiga hal bo‘ldi. Sakkiz million so‘mga kelishildi. 

Baxtiniso pulni berishga berdi-yu, ammo... Shu «ammo»si qimmatga tushdi unga. Sharof Hamdamov firibgarlarga xos tarzda bahonalar to‘qishga tushib ketdi. «Mana bo‘ldi, ana bo‘ldi», «Sabr qiling, ertaga hal bo‘ladi» kabi gaplarni yaxshilab yodlab olgan ekan, shekilli, har safar erinmay takrorlayverdi. 

Har narsaning chegarasi bor. Alalxusus, «ish bitmadi». Har ikkala tomon ham qonun oldida javob berishlariga to‘g‘ri keldi.

Manba: “Postda” gazetasi

Mavzuga oid
Top