Erdo'g'an Turkiyaga nima uchun Olimpiada mezbonligi berilmasligini bilishini aytdi

Jahon 20 Mart 2017 9666

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'an siyosat va sportga parallel baho berdi. U Istanbulda futbolga bag'ishlanib o'tkazilgan xalqaro sammitda chiqish qilib, siyosat va sportda o'xshash jihatlar borligini, raqobat va musobaqa bu sohalarni umumiylashtirish haqida aytib o'tgan.

«Siyosatda ham g'alaba qozonish futboldagiga o'xshaydi. Buning uchun jamoaviy ish olib borish kerak. Kuchli jamoani shakllantirish kerak bo'ladi. Agar oldindan o'ylanmagan qadamlar tashlansa, to'g'ri taktika va strategiya tanlanmasa, sportda ham g'alaba ehtimoli juda past bo'ladi. Xuddi shunday ta`rifni siyosatchilar va partiyalar faoliyatiga ham qo'llash mumkin», - degan Turkiya prezidenti.

U siyosatda birinchi bosqichda saylovlarda g'alaba qozonish kerakligi, shundan so'ng saylovchilar oldidagi majburiyatlar bajarilishi lozimligi haqida gapirgan.

Prezident zo'ravonlik va adolatsizlik sportga qanday ta`sir ko'rsatsa, yolg'onlar, tuhmat va faktlarning buzib ko'rsatilishi siyosiy raqobat muhitiga shunday ta`sir ko'rsatishini qayd etib o'tgan. 

«Afsuski, bunday holat Turkiya siyosatida tez-tez kuzatiladi. Men o'zimning 40 yillik faoliyatimda xalqqa xizmat qilishga va siyosatdagi bunday holatlarga qarshi turishga urindim», - degan u.

Erdo'g'an Turkiya hukumati sportdagi nohaqliklar darajasini kamaytirish uchun zarur choralar ko'rishga tayyorligini ma`lum qilgan.

«Buning uchun mamlakat qonunchiligiga o'zgartirshlar kiritilishi rejalashtirilgan. O'zgarishlar loyihasi mamlakat futbol federatsiyasi va klublar rahbariyati bilan kelishgan holda tuziladi. O'ylaymanki, parlament ham bunday o'zgarishlarni e`tirozsiz qabul qiladi», - degan prezident. 

Turkiya prezidenti xalqaro sport tizimidagi ikkiyoqlama standartlarga to'xtalgan va bu holatni tanqid qilgan.

«Turkiyada shu vaqtgacha Olimpiya o'yinlari o'tkazilmadi, buning sababini bilamiz. Sahna ortida jiddiy o'yinlar ketadi», deya qayd etgan Erdo'g'an.

U Turkiya o'z vaqtida Olimpiadani qabul qilish shartlarini bajargan bo'lsada, rad etilganini eslagan. Olimpiada o'rniga Turkiyaga avval ham o'tkazilgan musobaqa mezbonligi berilgan.

Ko'proq yangiliklar: