Forbes reytingi: dunyoning eng badavlat 20 insoni

Lifestyle 20 Mart 2017 54105

Bill Geyts 2017 yilda ham sayyoramizning eng boy odamlari reytingiga boshchilik qilmoqda. Uning do'sti  Uorren Baffet 2-o'rinni egallagan, Jyeff Bezos esa birinchi marta yetakchi uchlikka kira oldi.

AQShning Forbes jurnali 20 mart kuni dollardagi milliarderlarning har yili chop etiluvchi jahon reytingini yangiladi. Bu reyting hisob bo'yicha 31-reyting bo'ldi. 2016 yilda milliarderlar soni ilk marta 2 ming kishidan oshib ketdi. Bir yil ichida boyligi milliard dollardan ko'proq bo'lgan odamlar soni 1810 kishidan 2043 kishigacha, ya`ni 13 foizga oshdi. Dunyoning eng badavlat insonlarining umumiy boyligi esa 18 foizga oshib, 7,67 trln dollarga yetdi.

Geyts ketma-ket 4-yil dunyoning eng badavlat odami deb topildi. Uning boyligi bir yil ichida 75 mlrd dollardan 86 mlrd dollargacha oshgan. Baffetning boyligi esa shu davr ichida 14,8 mlrd dollarga oshdi va unga 2-o'rinni egallashga imkon berdi. Amazon asoschisi Bezos avvalgi yilgi 5-o'rindan 3-o'ringa ko'tarildi. Uning boyligi 72,8 mlrd dollarga baholangan. 

Quyida Forbes reytingiga kirgan 20 nafar eng boy odam haqida ma`lumotlar keltirilgan.

1. Bill Geyts

Foto: Seth Wenig / AP / TASS

Boyligi: 86 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 11 mlrd dollar
Boylik manbai: Microsoft
Yoshi: 61
Davlati: AQSh

Forbes talqiniga ko'ra, Bill Geyts ketma-ket 4-marta va oxirgi 23 yil ichida 18-marta dunyoning eng boy odami bo'ldi. 40 yildan ko'proq vaqt oldin Geyts do'sti Pol Allen bilan dasturiy ta`minot ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik korporatsiya – Microsoft’ga asos solgan. Hozirda Geyts o'zining qadrdon kompaniyasining bor-yo'g'i 3 foiz aksiyasiga egalik qiladi, bu esa uning boyligining 13 foizini tashkil qiladi. 

Geyts daromad oladigan boshqa kompaniyalar orasida Kanada milliy temir yo'li, AQShning Deere & Co mashinasozlik kompaniyasi, chiqindilarni qayta ishlovchi Republic Services kompaniyasi, AutoNation avtodileri bor. 2016 yilda Geyts sarmoyachilar jamoasi, jumladan Amazon asoschisi Jyeff Bezos bilan 1 mlrd dollarlik Breakthrough Energy investitsiya jamg'armasini tashkil etgan.

2. Uorren Baffet

Foto: John Peterson / AP / TASS

Boyligi: 75,6 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 14,8 mlrd dollar
Boylik manbai: Berkshire Hathaway
Yoshi: 86
Davlati: AQSh

2016 yilda dunyoning eng badavlat va mashhur sarmoyachisi Uorren Baffet yana 15 mlrd dollarga boyidi va bu unga Forbes reytingining 2-o'riniga qaytishga yordam berdi. Baffetning Berkshire Hathaway xoldingi 60 dan ko'proq kompaniya, jumladan Geico, Dairy Queen va Fruit of the Loom va boshqalarda ulushga ega. Milliarder, shuningdek, Wells Fargo, IBM va Coca-Cola kompaniyalariga sarmoyalar kiritgan. 

Uorren o'zining birinchi sarmoyasini 11 yoshida amalga oshirgan. U otasidan qarzga olingan pullarga Cities Service Preferred kompaniyasining 3  dona aksiyasini sotib olgan va keyin ularni qimmatroqqa sotgan. Biroq u 38 dollarga olib, 40 dollarga sotgan bu aksiyalar narxi keyinroq 200 dollargacha ko'tarilib ketgan. Baffetning aytishicha, hayot o'shandayoq unga sarmoya qilishning birinchi sabog'ini bergan, ya`ni sabr-toqat albatta mukofotlanadi.

3. Jyeff Bezos

Foto: Blue Origin / Zuma / TASS

Boyligi: 72,8 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 27,6 mlrd dollar
Boylik manbai: Amazon.com
Yoshi: 53
Davlati: AQSh

Jyeff Bezosga joriy yilda hammadan ko'proq omad kulib boqdi. U yaratgan Amazon kompaniyasi aksiyalari 67 foizga qimmatlashib, unga qo'shimcha 28 mlrd dollar foyda keltirdi. Onlayn-reteyler kapitallashuvining bunday keskin o'sishi Bezosga sayyoramizning eng boy odamlari reytingi yetakchi uchligidan ilk bor o'rin olishga imkon berdi. 

Koinot sayohatlari oxirgi yillarda Bezosning bosh ehtirosiga aylangan. Uning Blue Origin aerokoinot kompaniyasi ko'p marotaba foydalanishga mo'ljallangan raketalarni ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. 

4. Amansio Ortega

Foto: Iago Lopez / AP / TASS

Boyligi: 71,3 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 4,3 mlrd dollar
Boylik manbai: Zara
Yoshi: 80
Davlati: Ispaniya

Ortega Yevropaning eng boy odami va dunyodagi eng badavlat reteylerdir. Uning boyligi manbai Zara kompaniyasidagi ulushi hisoblanadi. 2016 yilda kompaniya aksiyalari 14 foizga qimmatlashgan, bu esa Ortegaga qo'shimcha 4,3 mlrd dollar keltirgan. Biroq Bezos va Baffetning ishlari o'tgan yil ancha yaxshiroq kechgani sabab Ortega reytingda 2-o'rindan 4-o'ringa tushib ketgan.

Ortega Zara kompaniyasini 1975 yilda o'zining birinchi rafiqasi Rozaliya Mera bilan tashkil etgan. Ortega kompaniyadan har yili 400 mln dollardan ko'proq dividend oladi va ularni Nyu-York, Madrid, Barselona, London, Chikago, Mayamidagi ko'chmas mulkka sarmoya qiladi.

5. Mark Tsukerberg

Foto: Imago / TASS

Boyligi: 56 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 11,4 mlrd dollar
Boylik manbai: Facebook
Yoshi: 32
Davlati: AQSh

Mark Tsukerberg Facebook ijtimoiy tarmog'iga 2004 yilda 19 yoshida asos solgan. Tsukerberg kompaniyasi deb nufuzli Garvard universitetidagi o'qishini tashlab ketgan. Biroq aynan ijtimoiy tarmoq uni multimilliarderga aylantirdi. Tsukerberg uchun 2016 yil ayniqsa omadli keldi, uning kompaniyasi aksiyalari qimmatlashishi unga qo'shimcha 11,4 mlrd dollar keltirdi.

2015 yilda Mark rafiqasi Pristsilla Chan bilan ota-ona bo'lish baxtiga muyassar bo'lishgan. Juftlik o'zlarining Facebook’dagi ulushlarining 99 foizini xayriya maqsadlariga ajratishga va`da qilishgan. 2017 yilda juftlik ikkinchi farzand kutayotganini ma`lum qildi.

6. Karlos Slim Elu

Foto: Dario Lopez-Mills / AP / TASS

Boyligi: 54,5 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 4,5 mlrd dollar
Boylik manbai: telekommunikatsiyalar
Yoshi: 77
Davlati: Meksika

Karlos Slim Elu hamon Meksikaning eng boy odami bo'lib qolmoqda, biroq Forbes reytingining yetakchi beshligidan chiqib ketdi. Va bu 12 yil ichida birinchi marta yuz berdi. 

Slim oilasi bilan Lotin Amerikasidagi eng yirik uyali aloqa operatori – America Movil kompaniyasini nazorat qiladi. Slim, shuningdek, qurilish, riyeltorlik, tog'-kon va iste`molchilik mahsulotlari sohalaridan ham daromad oladi. Unga, shuningdek,  The New York Times nashrining 17 foiz aksiyasi tegishli.

7. Larri Ellison

Foto: Eric Risberg / AP / TASS

Boyligi: 52,2 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 8,6 mlrd dollar
Boylik manbai: Oracle
Yoshi: 72
Davlati: AQSh

Iste`dodli dasturchi ikkita universitetda ta`lim olgan, biroq ulardan ikkisini ham tugatmagan. Ellison mehnat faoliyatining boshida Markaziy razvedka boshqarmasida ishlashiga ham to'g'ri kelgan.

1977 yilda Ellison Oracle kompaniyasiga asos solgan, aynan shu kompaniya uni milliarder bo'lishga olib kelgan. U 2014 yilda kompaniyaning bosh direktori lavozimidan ketgan, biroq direktorlar kengashi raisi va texnologiyalarni rivojlantirish direktori lavozimlarini o'zida saqlab qolgan.

U yelkanli sport fanati bo'lib, AQShdagi shu sport turidagi musobaqalarning yirik homiylaridan biri hisoblanadi. Tadbirkor xayriya ishlari bilan faol shug'ullanadi. U 2016 yilda Janubiy Kaliforniya universitetiga saratonga qarshi dori-darmon yaratish uchun 200 mln dollar ajratishga va`da bergan.

8. Charlz Kox

Foto: Getty Images

Boyligi: 48,3 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 8,7 mlrd dollar
Boylik manbai: Koch Industries
Yoshi: 81
Davlati: AQSh

Charlz Kox ukasi Devid bilan Koch Industries oilaviy xoldingiga egalar. 100 mlrd dollarlik tushumga ega kompaniya AQShning eng yirik xususiy kompaniyalari ro'yxatida 2-o'rinni egallaydi. Ko'p tarmoqli xoldingning tarixi neftni qayta ishlovchi zavoddan boshlangan. Zavodga Koxlarning otasi asos solgan.

Qariya Charlz 1967 yildan beri Koch Industries’da direktorlar kengashi raisi lavozimini egallab keladi, kompaniyaning jadal o'sishi aynan uning xizmatidir. Aka-uka Koxlar AQSh siyosati, xayr-saxovat va biznesida eng nufuzli shaxslar hisoblanadilar. 

9. Devid Kox

Foto: Reuters

Boyligi: 48,3 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 8,7 mlrd dollar
Boylik manbai: Koch Industries
Yoshi: 76
Davlati: AQSh

Devid Kox akasi Charlz bilan birga Koch Industries oilaviy xoldingiga egalar. Xolding neftni qayta ishlash, neft quvurlari qurish, stakanchalar va qog'oz sochiqlar hamda boshqa ko'plab buyumlar ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. 

Respublikachi Charlz va Devid Kox o'z partiyalarining asosiy homiylaridan hisoblanishadi. 

10. Maykl Blumberg

Foto: Thibault Camus / AP / TASS

Boyligi: 47,5 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 7,5 mlrd dollar
Boylik manbai: Bloomberg LP
Yoshi: 75
Davlati: AQSh

Nufuzli tadbirkor va Nyu-Yorkning sobiq meri bo'lgan Blumberg o'z faoliyatini 1966 yilda Uoll-stritda boshlagan. Blumberg Salomon Brothers bankida 15 yil ishlagan. U bankdan bo'shatilgach, moliyaviy ma`lumotlar taqdim qiluvchi Bloomberg LP kompaniyasini tashkil qilgan.

U 2001-2014 yillar davomida Nyu-York meri bo'lgan. Blumberg bu lavozimdan 2014 yilda ketgach, o'zining kompaniyasiga qaytgan. Blumberg ham xayriya ishlari bilan shug'ullanadi. U turli maqsadlar uchun 4 mlrd dollar xayriya qilgan.

11. Bernar Arno

Foto: Lionel Guericolas / Zuma / TASS

Boyligi: 41,5 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 7,5 mlrd dollar
Boylik manbai: hashamat buyumlari
Yoshi: 68
Davlati: Fransiya

Bernar Arno — Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalar guruhi prezidenti. Bu guruh 70 ta brendni, jumladan Dom Perignon, Bulgari, Louis Vuitton, Sephora va Tag Heuer hamda 3900 do'konni nazorat qiladi.

Arno kompaniyaga 1989 yildan beri boshchilik qiladi. 2016 yilda xolding savdolari 5 foizga o'sib, rekord darajadagi 37,6 mlrd yevroga yetgan.  Unga qarashli Christian Dior va LVMH aksiyalari oxirgi yil ichida mos ravishda 20 va 29 foizga qimmatlashgan.

Buning evaziga Arno boyligi 7,5 mlrd dollarga oshgan va u eng boy odamlar reytingida 14-o'rindan 11-o'ringa ko'tarilgan. Bu Arno uchun 2013 yildan beri eng yuqori ko'rsatkichdir.

12. Larri Peyj

Foto: Andrew Kelly / Reuters

Boyligi: 40,7 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 5,5 mlrd dollar
Boylik manbai: Google
Yoshi: 43
Davlati: AQSh

Larri Peyj Google’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi bosh direktori lavozimini egallaydi. Peyj Google qidiruv tizimiga 1998 yil Stenford universiteti talabasi Sergey Brin bilan asos solgan. 2016 yilda Google aksiyalari narxi 18 foizga ko'tarilib, Peyjga 5,5 mlrd dollar keltirdi.

OAV ma`lumotlariga ko'ra, Peyj uchar avtomobillar yaratishga ixtisoslashgan ikkita maxfiy startap – Zee.Aero va Kitty Hawk’ni moliyalashtiradi.

13. Sergey Brin

Foto: Tony Avelar / AP / TASS

Boyligi:  39,8 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: +  5,4 mlrd dollar
Boylik manbai: Google
Yoshi: 43
Davlati: AQSh

Brin Alphabet prezidenti lavozimini egallaydi. Brin 2016 yilda Google’ning 760 mln ta aksiyasini sotib yuborgan.

Brin kelib chiqishi Sobiq ittifoqdan bo'lib,  AQShning eng boy muhojiri va AQSh prezidenti Donald Trampning aksilmigratsion tashabbuslarining eng ashaddiy tanqidchilaridan hisoblanadi.

14. Lilian Betankur

Foto: Charles Platiau / Reuters

Boyligi: 39,5 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 3,4 mlrd dollar
Boylik manbai: L'Oreal
Yoshi: 94
Davlati: Fransiya

Lilian Betankur dunyoning eng boy ayoli bo'lib, farzandlari bilan birga L'Oréal kompaniyasining 33 foiziga egalik qiladi. O'tgan yil xolding aksiyalari 17 foizga qimmatlashib, Betankurning boyligini 3,4 mlrd dollarga ko'paytirgan.

Pardoz-andoz vositalari ishlab chiqaruvchi L'Oréal kompaniyasi Betankurning otasi Yevgeniy Shuller tomonidan 1907 yilda yaratilgan. 2011 yilda keksalik tufayli aqli zaiflikka uchragan Betankur qizi Fransuaza Meyyers-Betankur qaramog'iga o'tkazilgan. 2012 yilda kompaniya rahbari lavozimini Lilianning nabirasi Jan-Viktor Meyyers egallagan.

15. Robson Uolton

Foto: Sarah Bentham / AP / TASS

Boyligi: 34,1 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 2,2 mlrd dollar
Boylik manbai: Walmart
Yoshi: 72
Davlati: AQSh

Rob Uolton Walmart do'konlar tarmog'i asoschisi Sem Uoltonning to'ng'ich o'g'li bo'lib, u kompaniyani 1992 yilda otasi vafotidan keyin 23 yil boshqargan. 2015 yilda uning kompaniyadagi direktorlar kengashi raisi lavozimini kuyovi Greg Penner egallagan.

Kompaniya aksiyalari 2016 yilda 5 foizga qimmatlashgan. Rob Uolton oilasiga Walmart‘ning yarmidan ko'p aksiyasi tegishli.

16. Jim Uolton

Foto: Getty Images

Boyligi: 34 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 400 mln.
Boylik manbai: Walmart
Yoshi: 68
Davlati: AQSh

Jim Uolton — Walmart do'konlar tarmog'i asoschisi Sem Uoltonning kenja o'g'li bo'lib, u Arvest Bank oilaviy bankini boshqaradi.

Jim Uolton Walmart direktorlar kengashi tarkibida 10 yildan ko'proq bo'lgan va 2016 yilda o'z o'rnini o'g'li Styuartga topshirgan. Umumiy hisobda Jim va Sem Uoltonning qolgan vorislari Walmart aksiyalarining yarmidan ko'prog'iga egalik qiladi.

17. Alisa Uolton

Foto: Danny Johnston / AP / TASS

Boyligi: 33,8 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 1,5 mlrd dollar
Boylik manbai: Walmart
Yoshi: 67
Davlati: AQSh

Alisa Uolton — Walmart asoschisining yagona qiz farzandi. Walmart’da ishlagan akalaridan farqli, Alisa san`at sohasidagi loyihalarga qiziqish bildiradi.

Alisa Uolton 2011 yilda oilasining ona shahri bo'lgan Bentonvill shahrida Crystal Bridges muzeyini ochgan. Muzeyda Endi Uorxol, Norman Rokvell va Mark Rotko kabi rassomlarning ishlari namoyish qilinadi. Uning san`at asarlari kolleksiyasi yuz millionlab dollarga baholanadi.

18. Van Tszyanlin

Foto: Thomas Peter / Reuters

Boyligi: 31,3 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 2,6 mlrd dollar
Boylik manbai: ko'chmas mulk, ko'ngilochar soha
Yoshi: 62
Davlati: Xitoy

Van Tszyanlin oxirgi 4 yildan beri Xitoyning eng boy odami bo'lib kelmoqda. Tszyanlin o'z boyligini mehmonxonalar, uy-joy va savdo markazlari qurish orqali to'plagan. Unga qurilish sohasida faoliyat yurituvchi Dalian Wanda Group kompaniyasi tegishli.

Kompaniya 2016 yilda 3,5 mlrd dollarga AQShning Legendary Entertainment kinokompaniyasini, 2012 yilda esa AMC Entertainment kinoteatrlari tarmog'ini 2,6 mlrd dollarga sotib olgan.  

Bir vaqtning o'zida Tszyanlin Xitoyning ko'ngilochar sanoatiga sarmoya kiritadi. 2016 yilda kompaniya Nanchan shahrida 3 mlrd dollarlik tematik bog'lar majmuasi Dalian Wanda-City’ni ochgandi. U yana shunday majmuadan 20 tasini qurmoqchi.

19. Li Kashin

Foto: Vincent Yu / AP / TASS

Boyligi: 31,2 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 4,1 mlrd dollar
Boylik manbai: turli sohalar
Yoshi: 88
Davlati: Gonkong

Li Kashin Gonkongning eng badavlat odami bo'lib, unga Cheung Kong Property developer kompaniyasi tegishli. Oxirgi bir yil ichida kompaniya aksiyalari 31 foizga qimmatlashgan. 

Li Kashin Osiyodagi eng yirik sarmoyachilardan biridir. U oxirgi 5 yil ichida Yevropa kompaniyalariga 28 mlrd dollar sarmoya qilgan. Li Kashin biznesiga portlar, kommunal xizmatlar ko'rsatish, telekommunikatsiya, ko'chmas mulk, ulgurji savdo sohalari kiradi. Milliarder qo'lida 50 dan ko'proq davlatda 310 mingdan ko'proq odam ishlaydi.

20. Sheldon Adelson

Foto: John Locher / AP / TASS

Boyligi: 30,4 mlrd dollar
Bir yil ichidagi o'zgarish: + 5,2 mlrd dollar
Boylik manbai: kazino
Yoshi: 83
Davlati: AQSh

Sheldon Adelson AQShda kazino bozoridagi eng yirik kompaniya Las Vegas Sands’ni boshqaradi. Kompaniya aksiyalari bir yil ichida 23 foizga qimmatlashgan.

Adelson xorijiy davlatlarga faol sarmoya qiladi. 2016 yilda Las Vegas Sands Makaoda yangi kurort ochgan. Ushbu loyiha qiymati 2,9 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

Adelson AQSh prezidenti Donald Trampga yaqin odamlardan hisoblanadi. U Trampning saylovoldi kampaniyasiga 5 mln dollar ajratgan.

Litvalik va uelslik muhojirlar farzandi bo'lgan Adelson kambag'allikda katta bo'lgan. Bo'lajak milliarder gazetalar sotish orqali pul ishlay boshlagan. Adelson amakisidan olgan 200 dollar qarz evaziga 12 yoshida birinchi savdo nuqtasini  ochgan.

Ko'proq yangiliklar: