Gvardiola yozda kimlardan voz kechishi mumkin?

Sport 20 Mart 2017 8236

O'tgan haftada yozgi transferlar vaqtida «Manchester Siti»ni 17 nafar futbolchi tark etishi haqida xabar berildi. Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola ko'p o'tmasdan bu xabarga munosabat bildirib chiqdi va jamoa shuncha futbolchidan voz kechishi imkonsiz ish ekanini aytdi. Bundan taxmin qilish mumkinki, u 17 nafar futbolchidan bo'lmasada, bir qancha futbolchidan voz kechadi. Tribuna.uz sayti maqolasida ushbu vaziyatga atroflicha baho berilgan.

Xosep Gvardiolaning Angliyadagi birinchi mavsumi halokatli kechmadi, ammo kutilganidek ham emas:

1) Hali «Manchester Siti» APLda kuchli to'rtlikdagi o'rinni va Chempionlar Ligasi yo'llanmasini kafolatlamadi;

2) Angliya Kubogi – jamoa bu mavsumda qo'lga kiritishi mumkin bo'lgan yagona sovrin bo'lib qolmoqda, jamoa hozircha yarim finalda va jamoani «Arsenal» kutib turibdi;

3) Jamoa tarkibida o'tgan yozda boshlangan o'zgarishlar hamon davom etmoqda va jamoa qurib bo'linmadi.

Gvardiola o'tgan yozdayoq tarkibda tozalash ishlarini olib borishi kutilgandi, ammo u 170 mln funtlik xaridlarni amalga oshirdiyu, deyarli hech kimni sotmadi. Oldindagi yozda u shu ishni qilishi kerak bo'ladi.

Quyidagi futbolchilarni yangi mavsumda Manchesterda ko'rmasligimiz mumkin.

Serxio Aguero

Bu fakt emas, ammo Aguero uchun bu jamoadagi oxirgi mavsum ekani haqida ko'pchilik gapirmoqda. Argentinalik megaforvardning Gvardiola bilan munosabatlari joyida emas: ular ba`zan quchoqlashib ko'rishadi, ammo ba`zida murabbiy uni zaxira o'rindig'iga mixlab qo'yadi. Yanvarda jamoaga Jyezus kelib qo'shilgach, aynan shunday bo'ldi, agar u jarohat olib uzoq vaqtga safdan chiqqanida Aguero mavsum oxiriga qadar zaxira o'rindig'ida qolishi ham mumkin edi. Aguero o'yinini o'zgartirdi, pas berib o'ynashni o'rgandi, ammo u baribir Gvardiolaning sxemalarida ortiqcha figuraga aylanib qolavermoqda. Bu holatdan foydalanishga tayyor jamoalar bir qator va ular orasida «Real» ham bor.

Yaya Ture

Ushbu tajribali futbolchining agenti Dmitriy Selyuk Gvardiola kelganidayoq mojaro boshlagan, natijada uning mijozi zaxiraga mixlangandi. Futbolchi agentining so'zlari uchun uzr so'ragach, murabbiy unga tarkibdan joy bera boshladi. Ammo o'tgan haftada agent Ture uchun talabgorlar jamoalarning takliflarini ko'rib chiqishi haqida ma`lum qilgach, ko'p narsa oydinlashdi.  Vaqt kelgan, shartnoma muddati tugamoqda va uzaytirilmayapti. Ture endi avvalgidek kuchga to'la emas va Angliya chempionati shiddatiga dosh bera olmay qolmoqda. Uni «MYu» sotib olishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan.

Vensan Kompani

Ushbu futbolchini futbol muxlislari unuta bormoqda. Jarohatlar ushbu belgiyalik futbolchiga mavsum davomida o'yinlarda ishtirok etishga imkon bermadi. U jarohatdan forig' bo'lganida ham o'yin qaydnomasiga kiritilmasligi odatiy holatga aylangan.

Sabaleta, Sanya, Klishi

Ayni vaqtda jamoa chap qanoatida Kolarov va Klishi, o'ng qanotida Sanya va Sabaleta harakatlanmoqda. Ammo ularning faqat biri - markaziy himoyada ham o'ynay olishi mumkin bo'lgan Aleksandr Kolarov qolishi mumkin. Qolgan 3 futbolchi esa o'ziga yangi jamoa qidirishni boshlashi mumkin. Gvardiola qanotlarga yangi futbolchilar sotib olmoqchi. O'z vaqtida «Arsenal»dan sotib olingan Sanya va Klishining ketishi muammo bo'lmasligi mumkin, ammo 9 yildan buyon jamoa ramziga aylangan Sabaletaning ketishi jamoa muxlislarini qayg'uga solishi mumkin.

Xesus Navas

Manuel Pellegrini tomonidan olib kelingan va jamoaning eng zaif nuqtalaridan biriga aylangan ushbu futbolchi bilan shartnoma uzaytirilmaydi. U o'zini bu mavsumda ham ko'rsata olmadi va u jamoa bilan xayrlashishi mumkin.

Hart, Nasri, Mangalya, Boni, Denayyer

 

Bu futbolchilarni Gvardiola o'tgan mavsumda ijaraga bergandi. Ammo u bu futbolchilarni 1 yil o'tib qaytarishga va`da bermagan. Faqat yosh Denayyer istisno bo'lishi mumkin. Hart «Torino»da o'zini yaxshi tomondan ko'rsata oldi va unga Angliyadan yangi klub topish muammo bo'lmaydi. Nasri ham «Sevilya»da yaxshi o'ynab ketdi va unga Yevropada ish topiladi, Mangalyaning vaziyati og'irroq, u bechorahol ahvolga tushgan «Valensiya»ga yordam bera olmayapti, Vilfrid Boni «Stok Siti»da qariya Krauchga raqobat qila olmayapti va uni endi Xitoy chempionati kutmoqda.

Kabalero, Fernando, Delf, Ixenacho

Bu futbolchilar doimiy o'yin amaliyotiga ega bo'lishi kerak bo'lgan iste`dodli futbolchilar. Ammo «Siti»da buning imkoni yo'q.

«Manchester Siti» sotib olmoqchi bo'layotgan futbolchilar qatorida Morayesh, Kimmix, Rouz, Laport, Aleksis Sanches, Dani Alves, Bonuchchi, Belerin va «Monako» futbolchilari nomlari sanab o'tilmoqda.

Ko'proq yangiliklar: