21:10 / 20.03.2017
79231

«Ko‘k kit» maktab o‘quvchisiga onasini o‘ldirishni vazifa qilib topshirdi

Moskvadagi maktab o‘quvchilaridan biri «Ko‘k kit»dan onasini o‘ldirish haqida topshiriq olgan. Moskvalik 36 yoshli ayol o‘g‘lining yozishmalarini o‘qib qolgach, politsiyaga murojaat qilgan.

«Moskva» yangiliklar agentligida yozilishicha, ushbu ayol 7-sinfda o‘qiydigan o‘g‘lining «VKontakte»dagi sahifasini tekshirganida unga bir qator topshiriqlar berilganini, jumladan «onani o‘ldirish» haqidagi topshiriqni ko‘rib qoladi. U fevral oyida 13 yoshli o‘g‘li o‘z qo‘lini tig‘ bilan kesganini ham payqagan edi. Uning aytishicha, uyiga tez-tez notanish odam tomonidan qo‘ng‘iroq qilina boshlagan.

Agentlikning ma'lum qilishicha, ushbu ayol McDonald's restoranlari tarmog‘i xodimi bo‘lib, Bolshaya Ordynka ko‘chasida yashaydi.

Hozirda bu holat bo‘yicha tekshiruv olib borilmoqda, politsiya kvartirani ko‘zdan kechirgan va bolaning telefoni hamda noutbukini olib qo‘ygan.

«Ko‘k kit» o‘yini real hayotda olib boriladigan o‘yin bo‘lib, uning yakunida o‘ynovchiga o‘z joniga qasd qilish topshirig‘i beriladi. O‘yin ishtirokchisi topshiriqni ijtimoiy tarmoqdagi «O‘lim guruhi»dagi noma'lum «kurator»dan olib turadi.

Ogoh bo‘ling: MDH mamlakatlarida «ko‘k kit» o‘yini

«Darakchi» gazetasida jurnalist Barno Madaliyevaning ushbu «o‘yinlar» haqidagi «O‘lim guruhlari»: qachon boshlangan, nega aynan ko‘k kit, buyruqlarni bajarmasa nima bo‘ladi?» nomli maqolasi e'lon qilingan.

Qarmog‘i qayerda?

Sizu bizni tashvishga solayotgan bu «o‘lim guruhlari» asosan ijtimoiy tarmoqlarning turli segmentlarida o‘z guruhlarini turli nomlar va «heshteg»lar ostida tashkil etgan holda o‘smir yoshlarni bandi qiladi. Bu kabi guruhlarning nomlari asosan o‘smirlarni tushkunlikdan xalos etish, ularga ko‘mak berish, muammolariga yechim topa olish imkoniyatlariga qaratilgan bo‘lib, shu jihat bilan jalb etadi. O‘smir yoshdagi bolalarda esa bunday holatlar tez-tez kuzatilishi sir emas. Shu bois o‘smirlar «o‘lim gu­ruh­lari»ning nomiga qiziqib, o‘yin havolasiga kiradi va unga a'zo bo‘lib qoladi.

Guruhlar qanday nomlanadi?

«O‘lim guruhlari»ning nomini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi, ammo fojiaga chorlovchi original guruh allaqachon yopilgan. Guruh yaratuvchisi esa yaqinda hibsga olingani haqidagi ma'lumotlar ham bor. Uning ismi Filipp Lis. Eng achinarlisi, uning «ixtirosi» juda ko‘p izdoshlarni paydo qildi va bugungi kunda ular turli nomlar bilan «o‘lim guruhlari» sifatida ijtimoiy tarmoqlarda faoliyatini davom ettiryapti. «O‘lim guruhlari»da xavfli o‘yinlar «Meni tonggi 4:20 da uyg‘ot» buyrug‘i bilan boshlanadi. Aksariyat o‘smirlar aynan ana shu buyruq asosida xavfli guruhning qarmog‘iga ilinadi.

Qachon boshlangan, nega aynan ko‘k kit?

«O‘lim guruhlari»ning xavfli o‘yiniga 2015 yilda o‘zini poyezd tagiga tashlagan, o‘sha paytda 16 yoshda bo‘lgan Rina Polenkovaning harakatlari turtki bo‘lgan. Joniga qasd qilishiga sabab esa yigitining tashlab ketgani bo‘lgan. Bu baxtsiz hodisaga TV va taniqli blogerlar e'tibor qaratadi. Bu esa o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish ommalashishiga sabab bo‘ladi. Birinchi «Ko‘k kit» guruhi tashkil etilishi ham aynan ana shu jarayonlarga to‘g‘ri keladi. Nega bu «o‘lim guruhlari» aynan ko‘k kitni ramz sifatida tanlagan? Chunki ko‘k kitlar tez-tez tushkunlik sabab o‘zini qirg‘oqqa, quruqlikka tashlab, joniga qasd qiladi.

O‘smirlar nega o‘ynaydi?

Bu juda oddiy: o‘smirlar atrofdagilarga o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatishga ishtiyoqmand bo‘ladi va har qanday o‘yinda g‘oliblikka intiladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi «o‘lim guruhlari» o‘smirlarning ana shu nozik jihatlariga e'tibor qaratgan holda ulardan foydalanadi va xavfli o‘yin yakunidagi «g‘oliblik»ka yetaklaydi.

O‘yin qoidasi nimalardan iborat?

O‘yin shartlari esa 50 qismdan iborat va 50 kun davom etib, oxiri o‘yinchining o‘z joniga qasd qilishi bilan yakunlanadi. O‘yin qoidasiga ko‘ra, ishtirokchi xavfli o‘yin shartlarini «o‘lim guruhlari»ning «Meni tonggi 4:20 da uyg‘ot» buyrug‘i asosida ertalab 4:20 da tarmoqqa kirib qabul qilib oladi. Guruh yetakchisi, ularning tili bilan aytganda «kurator» esa tuzoqqa ilingan o‘smirga samimiy munosabatda bo‘lib, uning qiziqishlari, kayfiya­ti va o‘zi haqida ko‘proq bilishga intiladi. Keyin o‘smirni tekshirib ko‘rish uchun havola yuboradi va jasurligini sinovdan o‘tkazadi.

Avvaliga topshiriqlar oddiygina bo‘ladi, masalan, guruhning ramzini chizish kabi. Ammo keyinchalik bu shartlar murakkablashib, hatto tig‘ bilan qo‘lni tirnab yozishga ham majbur qiladi. Ishtirokchi vazifalarni bajarganining isboti sifatida berilgan topshiriqning bajarilganini suratga tushirib, guruh «kuratori»ga ko‘rsatishi kerak.

«O‘lim guruhlari» qo‘yayotgan o‘yin shartlarining eng so‘nggi bosqichida yuqori qavatdan o‘zini tashlash, tez kelayotgan avtomobilning oldini kesib o‘tish kabi topshiriqlarni bajarish asnosida xudkushlikni amalga oshirishga undaydi.

Bajarmasa nima bo‘ladi?

«O‘lim guruhlari» yetakchilari berilgan topshiriqlarni o‘yinga a'zo bo‘lgan o‘smirning so‘nggi bosqichda, ya'ni xavf­li kulminatsion nuqtada bajarishdan bosh tortishiga yo‘l qo‘ymaydi, bo‘yin tovlaganlarga tahdid bilan tazyiq o‘tkazadi. Qanday qilib deysizmi? Ular o‘smirga havola yuboradi­ va uni ochishni taklif etadi. Bu «o‘lim guruhlari»ning yana bir tuzog‘i ekanligini qiziqishi ustun kelib havolaga kirgan o‘smir bilmaydi. Havolaga kirgani zahoti «kuratorlar» maxsus dastur orqali o‘smirning IP man­zilini aniqlab, uning uy manzilini bilib oladi va shu orqali so‘nggi xavfli shart, ya'ni xudkushlikni bajarishga majburlaydi, aks holda yaqinlarini yo‘q qilish bilan tahdid qiladi. Hali hech qanday qarorni mustaqil qabul qilish salohiyatiga ega bo‘lmagan o‘smir esa bu tahdidlardan vahimaga tushadi va shartni bajarishga ko‘nadi…

Mavzuga oid
Top